Ko‘p qavatli uylarni boshqarish, issiqlik va suv taʼminoti sohalarida keskin o‘zgarish bo‘lmayotgani tanqid qilindi.
Jumladan, aksariyat ko‘p qavatli uylarda energiya sarfi xorijga nisbatan 3-4 barobar yuqori, issiqlik taʼminoti tizimida energiya yo‘qotishlari ko‘p, tizimda bugungi kunga qadar biror marta energiya auditi o‘tkazilmagan, debitor qarzdorligi oqibatida issiqlik korxonalari tizimni yaxshilashga investitsiya kiritmayapti.
Uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi va Energetika vazirligiga ko‘p qavatli uylarda energiya tejash bo‘yicha alohida dastur amalga oshirishni boshlash topshirildi.
Xalqaro ekspertlar jalb qilinib, qayerda markazlashgan, qayerda lokal yoki individual isitish tizimini qo‘llash, qaysi qozonxonalarni kogeneratsiya texnologiyasiga o‘tkazish bo‘yicha har bir hududning issiqlik taʼminoti sxemasi ishlab chiqiladi.