2023-yil davomida yoqilgʻi-energetika sohasida korrupsiya xavfini o‘rganish, uni oldini olish, shaffoflik hamda ochiqlikni ta’minlash, xato-kamchiliklarni aniqlash, ularni bartaraf etish yuzasidan qator amaliy ishlar olib borildi.
Xususan, vazirlik, tizim tashkilotlari hamda mutasaddi aksionerlik jamiyatlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiya risklarini minimallashtirishga qaratilgan 20 dan ortiq ichki meʼyoriy hujjatlar tasdiqlandi hamda 2023-yilda 30 dan ortiq ichki meʼyoriy hujjatlar qayta koʻrib chiqilib, tegishli oʻzgartirishlar kiritildi, shu bilan birga 20 dan ortiq yangi ichki meʼyoriy hujjatlar ishlab chiqildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida savodxonlikni oshirish maqsadida tizim xodimlari uchun 600 dan ortiq maʼruza, 2100 dan ortiq davra suhbatlari va 500 dan ortiq seminarlar oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan “Oʻzbekneftgaz” AJ oʻrtasida korrupsiyaga qarshi va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimallashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni oʻz ichiga olgan hamkorlik Memorandumi imzolandi.
2023-yilda yoqilgʻi-energetika tizimining 40 mingdan ortiq xodimlari oʻrtasida korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan anonim soʻrovnomalar oʻtkazildi.
Komplayens nazorat tuzilmalari va ularning hududiy boʻlimlari tomonidan 2023-yilda korrupsiyani barvaqt aniqlash va oldini olish maqsadida, xodimlarining faoliyati boʻyicha rejadan tashqari toʻsatdan tekshiruv va tizimli ravishda monitoring tadbirlari oʻtkazildi.
Tizim korxonalarida aniqlangan qoidabuzarliklarni toʻliq oʻrganish, huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi boʻlgan xodimlarni aniqlash, ularning harakatlariga holisona baho berilishini taʼminlash maqsadida, 650 dan ortiq xizmat tekshiruvlari oʻtkazildi. Xizmat tekshiruvi natijalariga koʻra, 181 ta xizmat tekshiruviga aloqador hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquq-tartibot idoralariga taqdim etildi (Prokuratura va IJQK Departamentiga – 136 ta, DXXga – 11 ta va IIBga – 34 ta).
2023-yil davomida aloqa kanallari orqali xodimlarning korrupsiyaga oid harakatlari yuzasidan 393 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, 51 tasi qanoatlantirildi, 219 ta holatda murojaatchilarga tushuntirishlar berildi, 11 ta murojaat koʻrilmasdan qoldirildi va 21 ta holatda kelib tushgan maʼlumotlar oʻz tasdigʻini topmadi. Murojaatlarni oʻrganish natijasida 78 nafar xodimga “hayfsan” intizomiy chorasi koʻrildi, 41 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi, 91 ta holatda murojaatni oʻrganish materiallari huquq-tartibot idoralariga chiqarildi.
Manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish yoʻnalishida tizim tashkilotlarining barcha turdagi rahbarlari va xodimlari tomonidan manfaatlar toʻqnashuvi deklaratsiyalari toʻldirilishi taʼminlandi. Natijada 291 ta holatda manfaatlar toʻqnashuvlari aniqlanib, neytrallashtirish choralari koʻrildi.
Yoqilgʻi-energetika sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlar bilan shartnomaviy munosabatlarga kirishayotgan kontragentlar boʻyicha 2023-yil davomida 532 ta holatda oʻrganish ishlari amalga oshirildi. Natijada tashkilotlar manfaatiga zarar keltirishi ehtimoli boʻlgan 11 ta kontragent bilan shartnoma tuzish rad etildi.
Korrupsiya xavf-xatarlarini minimallashtirish uchun yoqilgʻi-energetika sohasi yoʻnalishlarini raqamlashtirish tadbirlari faol davom ettirilmoqda.
Jumladan, 2023-yilda aholi isteʼmolchilariga tabiiy gazni yetkazib berish, toʻlovlarni onlayn qabul qilish, fuqarolarga qulayliklar yaratish, yaʼni gaz sarflari, oldindan toʻlovlar miqdorlari haqidagi va boshqa zaruriy maʼlumotlarga onlayn ega boʻlishlarini taʼminlash maqsadida soha toʻliq raqamlashtirildi. Bu maqsadda “Billing.hududgaz.uz” dasturiy taʼminoti ishga tushirildi.
Yuridik shaxslarga tabiiy gazni yetkazib berish yoʻnalishida kichik va oʻrta biznes subyektlari maʼlumotlarini masofadan boshqarish uchun toʻliq klapanlik elektron gaz hisoblash priborlari bilan taʼminlandi. Hozirda mazkur toifa ulgurji isteʼmolchilarning gaz sarflari, toʻlovlari va boshqa koʻrsatgichlari haqidagi maʼlumotlarni onlayn tarzda olib borish imkoniyati yaratildi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “Isteʼmolchilar elektr energiyasini qayd etish va hisob-kitob qilish “HET BILLING” dasturiy taʼminoti 2023-yilning iyul oyidan pilot rejimida Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani boʻyicha ishga tushirildi.
Mazkur tizimni joriy etish orqali “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ faoliyati samaradorligini oshirish, isteʼmol qilingan elektr energiyasi hisobini yuritishni avtomatlashtirish, shaffoflikni oshirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, yoqilgʻi-energetika sohasida huquqbuzarlik va oʻgʻirlik holatlarini rasmiylashtirish, hisobga olish va qayt etish uchun elektron aktlarning yagona tizimi “E-dalolatnoma” axborot tizimi ishlab chiqilmoqda. Hozirda “E-dalolatnoma” loyihasi “Hududgaztaʼminot” AJ va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ kabi tashkilotlarning dalolatnomalarini qabul qilish imkoniyatlari yaratildi.
Bundan tashqari, “E-dalolatnoma” tizimi moduli tariqasida, aholi tomonidan yoqilgʻi-energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar haqidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborish imkoniyatini beruvchi “Uzenergo” mobil platformasi ishga tushirildi.
Energiya resurslaridan ruxsatsiz foydalanishga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni monitoring qilish, boshqarish sifati va samaradorligini oshirishga moʻljallangan “Energonazorat” platformasini ishlab chiqilmoqda.
Vazirlik va tizim tashkilotlari rahbariyati, komplayens nazorat tuzilmalari hamda ularning hududiy boʻlimlari tomonidan tizimda korrupsiya holatlari sodir etilishini oldini olish va tizim xodimlarining huquqiy ongini oshirish, ularda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatini shakllantirish maqsadida, 2023-yil davomida jami 90 mingdan ortiq xodimlar ishtirokida 1 831 ta umumiy profilaktik-ogohlantiruv, targʻibot-tashviqot tadbirlari oʻtkazildi.
Shuningdek, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etishga ehtimoliy moyilligi mavjud jami 7,5 mingdan ortiq rahbar va xodimlar bilan yakka tartibdagi profilaktik-ogohlantiruv tadbirlari oʻtkazildi.