Joriy yilning 7 – 9-fevral kunlari Energetika vazirligi huzuridagi “Oʻzenergoinspeksiya” tomonidan Bosh prokuratura, IIV, hamda elektr va gaz taʼminoti korxonalari xodimlari bilan hamkorlikda Samarqand viloyatida oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanilgan 23 ta holat aniqlandi.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, tizimga 5 mlrd soʻmlik zarar keltirilganligi maʼlum boʻldi.
Xususan, Paxtachi tumanida “X.Q.S.” MCHJga qarashli issiqxona tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishi natijasida 3 mlrd 300 mln soʻmlik zarar yetkazilgan.
Urgut tumanida esa “S.N.” MCHJga qarashli ishlab chiqarish sexining transformatori oʻzboshimchalik bilan almashtirilgan boʻlib, ushbu holat boʻyicha 700 mln soʻm miqdorida qayta-hisob amalga oshirildi.
Qoidabuzar isteʼmolchilarga nisbatan belgilangan tartibda chora koʻrish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.
Hududlarda nazorat tadbirlari davom etmoqda.