Bugun soat 18:03 da kuchli shamol natijasida Buxoro viloyatidagi 110 kV kuchlanishli “L-Gazli-1”, “L-Gazli-2” elektr uzatish tarmoqlarida nosozlik yuzaga kelgan.
Buning natijasida “Gazli” magistral gaz quvurlari boshqarmasiga qarashli bir nechta gaz haydash agregatlari faoliyatida qisqa muddatli uzilish kuzatilmoqda.
Mazkur tarmoqlardagi nosozlik tezkor brigada tomonidan 2-3 soat ichida bartaraf etiladi va gaz haydash agregatlari faoliyati to‘liq tiklanadi.
Shu vaqt oralig‘ida respublikaning janubiy qismiga yo‘naltiriladigan tabiiy gaz hajmi bir oz qisqarishi, shuningdek, magistral gaz quvurlarida bosimning nisbatan pasayishi holati yuzaga kelyapti.
Gaz bosimining kamayishini inobatga olgan holda, birinchi navbatda, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida ayrim avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga qisqa muddatli cheklovlar kiritilmoqda.
Shuningdek, bir qator issiqlik elektr stansiyalarida gaz bosimining pasayishi holati kuzatilishi tufayli respublikamizning ba’zi bir hududlarida elektr energiyasi ta’minotida qisqa muddatli cheklovlar o‘rnatiladi.
Gaz haydash agregatlari ishga tushgach, tegishli hududlarda kiritilayotgan cheklovlar bo‘yicha hududiy tashkilotlar tomonidan qo‘shimcha ma’lumotlar berilib, reja-grafiklar e’lon qilinadi.
Keltirilgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘raymiz.