Assalomu alaykum!
Kecha, 19-fevral kuni iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida ma’lumot beramiz.
19-fevral kuni barcha elektr stansiyalar orqali jami 243,9 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 41,3 mln kubometr tabiiy gaz, 25,6 ming tonna ko‘mir hamda 12,1 ming tonna mazut yoqildi.
Turkmaniston Respublikasidan 20,6 mln kVt·soat elektr energiyasi import qilindi.
Respublika iste’molchilariga 236,2 mln kVt·soat elektr energiyasi yetkazib berildi.
Qishning sovuq kunlarida gaz bosimining avariya oqibatida keskin tushib ketishi hamda aholi iste’molchilarida elektr energiyasiga nisbatan talabning bir necha marotaba oshishi tufayli kecha ham mamlakatimiz bo‘ylab kunning tig‘iz vaqtlarida 550 MVtgacha cheklovlar kiritilishiga majbur bo‘lindi.
Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, holat yaxshi tomonga o‘zgargunga qadar bugun ham kunning tig‘iz paytlarida ma’lum miqdorda cheklovlar kiritilishi mumkin.
Gaz bosimining odatdagidan ko‘ra past ekaniga qaramay, 19 fevral kuni uning iste’moli yanada ortib, 153,2 mln kubometrni tashkil qildi.
17-fevral kuni Buxoro viloyatida yuz bergan kuchli shamol tufayli 110 kV kuchlanishga ega “L-Gazli-1” hamda “L-Gazli-2” elektr uzatish tarmoqlarining avariyaviy o‘chishi natijasida favqulodda to‘xtagan 10 ta gaz haydash agregati kecha ishga tushirildi.
Hozirgi vaqtda “L-Gazli-1” tarmog‘ining bir qismida elektr ta’minoti to‘liq tiklandi. Uning qolgan qismida va “L-Gazli-2” elektr uzatish tarmog‘ida ta’mirlash ishlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 17-fevral kuni Buxoro viloyatida yuz bergan kuchli shamol oqibatida mazkur tarmoqlar jiddiy shikastlangan bo‘lib, ularni ta’mirlash-tiklash ishlari murakkab ob-havo sharoitlarda og‘ir kechmoqda.
Tabiiy gaz hajmi me’yoriy sxemaga yaqinlashyapti. Biroq sovuq ob-havo tufayli gaz bosimining pasaygani me’yoriy sxemaning to‘liq tiklanishini kechiktirmoqda.
Magistral gaz quvurlarida gaz bosimining keskin tushib ketishi oqibatlarini bartaraf etish, respublika iste’molchilari hamda issiqlik elektr stansiyalarini tabiiy gaz bilan bir maromda ta’minlashda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldini olish maqsadida yana boshqa zarur choralar ham ko‘rilmoqda.
Xususan, gaz bosimining kamayishini inobatga olgan holda, birinchi navbatda, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida mamlakatimizdagi barcha metan zapravkalar faoliyatiga kiritilgan cheklovlar bugun ham davom etadi.
Kun davomida o‘zgarish yuz berib, qaysidir hududda metan zapravkalar faoliyati oldindan belgilangan reja-grafik asosida yo‘lga qo‘yilsa, bu haqida Energetika vazirligining rasmiy axborot resurslari orqali alohida xabar beriladi.
Kecha mamlakatimizdagi 152 ta metan zapravka orqali ijtimoiy sohalar – tibbiyot muassasalari, jamoat transportlari hamda shu kabi boshqa obyektlarga tegishli avtomobillarga 941 ming kubometr tabiiy gaz yetkazib berildi.
Avtobenzin va dizel yonilg‘isi aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojini qoplaydigan darajada yetkazib berilmoqda. Xususan, 19-fevral kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga 4 ming 180 tonna avtobenzin yetkazib berildi.
Shuningdek, birja savdolariga avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida sotish uchun qo‘yilgan 6 ming 900 tonna avtobenzinning 4 ming 9 tonnasi, 3 ming 895 tonna dizel yonilg‘isining esa 1 ming 599 tonnasi sotildi
Vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda tuzilgan shtablar 24 soatlik navbatchilik rejimi asosida ishlayapti.
Respublika hududlari bo‘ylab qishning sovuq kunlarida iste’molning ko‘payishi tufayli elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelayotgan nosozliklar ham tezkor bartaraf etib borilmoqda.
Xususan, kecha mamlakatimiz bo‘ylab qattiq shamol va kuchli qor yog‘ishi tufayli elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 7 ta, gaz ta’minotida yuzaga kelgan 4 ta nosozlik bartaraf qilindi.
Ta’kidlash joizki, qishning sovuq kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni tezkor bartaraf etish maqsadida elektr va gaz ta’minoti korxonalarida tuzilgan 1 ming 691 ta maxsus brigada safida mehnat qilayotgan 7 ming 300 nafardan ortiq ishchi-xodimlar tunu kun ishlab, joylarda muammolarni zudlik bilan bartaraf etmoqdalar.
19-fevral kuni elektr ta’minotidagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga iste’molchilardan 485 ta murojaat kelib tushdi va barchasi maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.
Tabiiy hamda suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha kelib tushgan 431 ta murojaat bo‘yicha ham tegishli tartibda tezkor chora-tadbirlar ko‘rildi.
Shu o‘rinda iste’molchilardan tabiiy gaz va elektr energiyasidan tejab-tergab foydalanishlarini, zaruratsiz ishlayotgan ortiqcha quvvatlarni o‘chirib yurishlarini iltimos qilamiz. Chunki ayni shu tejamkorlik orqali kunning tig‘iz vaqtlarida kiritilayotgan cheklovlarni yaxshigina kamaytirishimiz mumkin.
Qolaversa, isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilayotgan tavsiyalarga qat’iy rioya etishlarini so‘raymiz.
Hurmatli iste’molchilar! Agar Siz elektr energiyasi va gaz ta’minoti bo‘yicha qandaydir muammoga duch kelsangiz, elektr energiyasi ta’minoti yuzasidan 1154 qisqa raqamiga, shuningdek, 71-207-23-76 telefon raqami yoki “Telegram”dagi @het_admin administratorga, gaz ta’minoti yuzasidan 1104, 104 qisqa raqamlariga, shuningdek, 71-202-11-04 telefon raqami yoki “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi maxsus guruhga hamda ko‘mir ta’minoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.
E’tiboringiz uchun rahmat.