Assalomu alaykum!
Kecha, 25-fevral kuni iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot beramiz.
25-fevral kuni elektr stansiyalar orqali 241,9 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 4 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 43,6 mln kubometr tabiiy gaz, 17,2 ming tonna ko‘mir hamda 11,1 ming tonna mazut yoqildi.
Turkmaniston Respublikasidan 22,2 mln kVt·soat elektr energiyasi import qilindi.
Respublika iste’molchilariga 235,9 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 5 foiz ko‘p elektr energiyasi yetkazib berildi.
Qishning sovuq kunlarida magistral gaz quvurlarida gaz bosimining keskin tushib ketganligi hamda aholi iste’molchilarida elektr energiyasiga nisbatan talabning oshib borishi tufayli 25-fevral kuni ham mamlakatimiz bo‘ylab asosan kunning tig‘iz vaqtlarida 600 MVtgacha cheklovlar kiritilishiga majbur bo‘lindi.
Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, holat yaxshi tomonga o‘zgargunga qadar bugun ham kunning tig‘iz paytlarida ma’lum miqdorda cheklovlar kiritilishi mumkin.
Gaz bosimi odatdagidan ko‘ra past ekaniga qaramay, kecha uning iste’moli avvalgi kunlardagidan ko‘ra ortib, 157,2 mln kubometrni tashkil qildi.
Tabiiy gaz bosimining hali-hanuz past ekanligi bu boradagi me’yoriy sxemaning to‘liq tiklanishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Magistral gaz quvurlarida gaz bosimining keskin tushib ketishi oqibatlarini bartaraf etish, respublika iste’molchilari hamda issiqlik elektr stansiyalarini tabiiy gaz bilan bir maromda ta’minlashda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldini olish maqsadida bir qator zarur choralar ko‘rilmoqda.
Xususan, aholi va ijtimoiy soha obyektlarini birinchi navbatda tabiiy gaz bilan ta’minlash hamda quvurlardagi bosimni bir me’yorda tutib turish maqsadida barcha hududlardagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarning ish faoliyati mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilmoqda.
Kecha mamlakatimizdagi 609 ta ana shunday shoxobcha orqali aholiga va ijtimoiy sohalar obyektlariga tegishli avtomobillar, shuningdek, jamoat transportlarining barcha turlariga 3 million 899 ming kubometr tabiiy gaz yetkazib berildi.
Aholi va iqtisodiyot tarmoqlari avtobenzin hamda dizel yonilg‘isi bilan mavjud ehtiyojni to‘liq qoplaydigan darajada ta’minlanmoqda. Xususan, 25-fevral kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yurtimizdagi barcha avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga 1 ming 73 tonna avtobenzin yetkazib berildi.
Vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda tuzilgan shtablar 24 soatlik navbatchilik rejimi asosida ishlayapti.
Respublika hududlari bo‘ylab qishning sovuq kunlarida iste’molning ko‘payishi tufayli elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelayotgan nosozliklar ham tezkor bartaraf etib borilmoqda.
Xususan, kecha mamlakatimiz bo‘ylab elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 6 ta, gaz ta’minotida yuzaga kelgan 2 ta nosozlik bartaraf qilindi.
Ta’kidlash joizki, qishning sovuq kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni tezkor bartaraf etish maqsadida elektr va gaz ta’minoti korxonalarida tuzilgan 1 ming 691 ta maxsus brigada safida mehnat qilayotgan 7 ming 300 nafardan ortiq ishchi-xodimlar tunu kun ishlab, joylarda muammolarni zudlik bilan bartaraf etmoqdalar.
25-fevral kuni elektr ta’minotidagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga iste’molchilardan 620 ta murojaat yo‘llandi.
Tabiiy hamda suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha 147 ta murojaat kelib tushdi.
Shu o‘rinda iste’molchilardan tabiiy gaz hamda elektr energiyasidan tejab-tergab foydalanishlarini so‘raymiz. Chunki ishlatilmayotgan elektr uskunalarini tarmoqdan uzib qo‘yish, behuda yonayotgan chiroqlar, reklama yoritkichlari hamda boshqa manbalarni o‘chirib yurish orqali elektr tarmoqlariga tushadigan kuchlanishni kamaytirishimiz, qolaversa, isrofgarchilikning oldini olishimiz mumkin. Zero, elektr energiyasi rejadagiga nisbatan ikki baravar ko‘p ishlab chiqarilgan va yetkazib berilgan taqdirda ham, agar tejamkorlik bo‘lmasa, cheklovlar kiritishga majbur bo‘linaveradi
Hurmatli iste’molchilar! Agar Siz elektr energiyasi va gaz ta’minoti bo‘yicha qandaydir muammoga duch kelsangiz, elektr energiyasi ta’minoti yuzasidan 1154 qisqa raqamiga, shuningdek, 71-207-23-76 telefon raqami yoki “Telegram”dagi @het_admin administratorga, gaz ta’minoti yuzasidan 1104, 104 qisqa raqamlariga, shuningdek, 71-202-11-04 telefon raqami yoki “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi maxsus guruhga hamda ko‘mir ta’minoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.
E’tiboringiz uchun rahmat.