Assalomu alaykum!
Kecha, 28-fevral kuni iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot beramiz.
28-fevral kuni elektr stansiyalar orqali 240,9 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 3 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 43,3 mln kubometr tabiiy gaz, 17,2 ming tonna ko‘mir hamda 11,9 ming tonna mazut yoqildi.
Turkmaniston Respublikasidan 22,3 mln kVt·soat elektr energiyasi import qilindi.
Respublika iste’molchilariga 231,6 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 2 foiz ko‘p elektr energiyasi yetkazib berildi.
Qishning sovuq kunlarida magistral gaz quvurlarida gaz bosimining keskin tushib ketganligi hamda aholi iste’molchilarida elektr energiyasiga nisbatan talabning oshib borishi tufayli 28-fevral kuni ham mamlakatimiz bo‘ylab asosan kunning tig‘iz vaqtlarida cheklovlar kiritilishiga majbur bo‘lindi. Kecha joriy yildagi maksimal miqdor – 800 MVtgacha cheklovlar kiritildi.
Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, holat yaxshi tomonga o‘zgargunga qadar bugun ham kunning tig‘iz paytlarida ma’lum miqdorda cheklovlar kiritilishi mumkin.
Gaz bosimining odatdagidan ko‘ra past ekaniga qaramay, 28-fevral kuni ham uning iste’moli yuqoriligicha qoldi. Kecha mazkur miqdor 152,4 mln kubometrni tashkil qildi.
Tabiiy gaz bosimi asta-sekinlik bilan ko‘tarilib kelyapti. Biroq bu hozircha me’yoriy sxemaning to‘liq tiklanishiga kamlik qilmoqda.
Joriy yilning 17-fevral kuni Buxoro viloyatida kuchli shamol va muz aralash yoqqan qor tufayli sodir bo‘lgan avariyadan so‘ng magistral gaz quvurlarida gaz bosimi keskin tushib ketganining oqibatlarini bartaraf etish, respublika iste’molchilari hamda issiqlik elektr stansiyalarini tabiiy gaz bilan bir maromda ta’minlashda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldini olish maqsadida qator zarur choralar ko‘rilmoqda.
Xususan, aholi va ijtimoiy soha obyektlarini birinchi navbatda tabiiy gaz bilan ta’minlash hamda quvurlardagi bosimni bir me’yorda tutib turish maqsadida barcha hududlardagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarning ish faoliyati mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilmoqda.
Kecha mamlakatimizdagi 542 ta ana shunday shoxobcha orqali aholiga va ijtimoiy sohalar obyektlariga tegishli avtomobillar, shuningdek, jamoat transportlarining barcha turlariga 3 million 725 ming kubometr tabiiy gaz sotildi. Shuningdek, avtomobillarga gaz quyish stansiyalari orqali jami 1 ming 30 tonna suyultirilgan gaz yetkazildi.
Aholi va iqtisodiyot tarmoqlari avtobenzin hamda dizel yonilg‘isi bilan mavjud ehtiyojni to‘liq qoplaydigan darajada ta’minlanmoqda. Xususan, 28-fevral kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yurtimizdagi barcha avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga 4 ming 489 tonna avtobenzin yetkazib berildi.
Shuningdek, birja savdolariga avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida sotish uchun 9 ming 510 tonna avtobenzin, 1 ming 546 tonna dizel yonilg‘isi qo‘yilgan bo‘lib, undan 4 ming 617 tonna avtobenzin, 845 tonna dizel yonilg‘isi sotildi.
Vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda tuzilgan shtablar 24 soatlik navbatchilik rejimi asosida ishlayapti.
Respublika hududlari bo‘ylab qishning sovuq kunlarida iste’molning ko‘payishi tufayli elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelayotgan nosozliklar ham tezkor bartaraf etib borilmoqda.
Kecha mamlakatimiz bo‘ylab elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 14 ta, gaz ta’minotida yuzaga kelgan 5 ta nosozlik bartaraf qilindi.
Jumladan, kecha soat 8 dan 30 daqiqa o‘tganida Surxondaryo viloyatida 35 kV kuchlanishdagi “L-Denov” elektr uzatish tarmog‘ida nosozlik yuzaga kelgan. Buning oqibatida Denov va Sho‘rchi tumanlaridagi 2 ming 500 ta abonent elektr ta’minotidan uzilgan. Soat 16 dan 23 daqiqa o‘tganida nosozlik bartaraf etilib, iste’molchilarning ta’minoti qayta tiklangan.
Soat 11 dan 10 daqiqa o‘tganida Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanini gaz bilan ta’minlovchi D-159 mmli yer usti yuqori bosimli gaz quvurida ta’mirlash ishlarini bajarish maqsadida 6 ming 917 ta aholi xonadoni va 154 ta ulgurji iste’molchining gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatildi. Soat 18 dan 20 daqiqa o‘tganida ta’mirlash ishlari yakunlanib, iste’molchilar oldindan ogohlantirilgan tarzda bosqichma-bosqich gaz ta’minotiga qayta ulandi.
Qayd etish joizki, qish kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf qilish maqsadida elektr va gaz ta’minoti korxonalarida tuzilgan maxsus brigadalarning 7 ming 300 nafardan ortiq ishchi-xodimlari tunu kun ishlab, joylarda muammolarni zudlik bilan bartaraf etmoqdalar.
28-fevral kuni elektr ta’minotidagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga iste’molchilardan 899 ta murojaat kelib tushdi va barchasi maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.
Tabiiy hamda suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha kelib tushgan 291 ta murojaat bo‘yicha ham tegishli tartibda tezkor chora-tadbirlar ko‘rildi.
Shu o‘rinda iste’molchilardan tabiiy gaz va elektr energiyasidan tejab-tergab foydalanishlarini, zaruratsiz ishlayotgan ortiqcha quvvatlarni o‘chirib yurishlarini iltimos qilamiz. Chunki ayni shu tejamkorlik orqali kunning tig‘iz vaqtlarida kiritilayotgan cheklovlarni yaxshigina kamaytirishimiz mumkin.
Qolaversa, isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilayotgan tavsiyalarga qat’iy rioya etishlarini so‘raymiz.
Hurmatli iste’molchilar! Agar Siz elektr energiyasi va gaz ta’minoti bo‘yicha qandaydir muammoga duch kelsangiz, elektr energiyasi ta’minoti yuzasidan 1154 qisqa raqamiga, shuningdek, 71-207-23-76 telefon raqami yoki “Telegram”dagi @het_admin administratorga, gaz ta’minoti yuzasidan 1104, 104 qisqa raqamlariga, shuningdek, 71-202-11-04 telefon raqami yoki “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi maxsus guruhga hamda ko‘mir ta’minoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.
E’tiboringiz uchun rahmat.