Assalomu alaykum!
Kecha, 29-fevral kuni iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot beramiz.
29-fevral kuni elektr stansiyalar orqali 238,3 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 2 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 42,9 mln kubometr tabiiy gaz, 17,3 ming tonna ko‘mir hamda 11,1 ming tonna mazut yoqildi.
Turkmaniston Respublikasidan 22,3 mln kVt·soat elektr energiyasi import qilindi.
Respublika iste’molchilariga 231,4 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 2 foiz ko‘p elektr energiyasi yetkazib berildi.
Qishning sovuq kunlarida magistral gaz quvurlarida gaz bosimining keskin tushib ketganligi hamda aholi iste’molchilarida elektr energiyasiga nisbatan talabning oshib borishi tufayli 29-fevral kuni mamlakatimiz bo‘ylab asosan kunning tig‘iz vaqtlarida 700 MVtgacha cheklovlar kiritilishiga majbur bo‘lindi.
Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, bugun ham kunning tig‘iz paytlarida ma’lum miqdorda cheklovlar kiritilmoqda. Bugun ayni damgacha kiritilgan eng katta cheklov 365 MVtni tashkil qildi.
Gaz bosimining odatdagidan ko‘ra past ekaniga qaramay, 29-fevral kuni ham uning iste’moli yuqoriligicha qoldi. Kecha mazkur miqdor 150,8 mln kubometrni tashkil qildi.
Tabiiy gaz bosimi asta-sekinlik bilan ko‘tarilmoqda. Biroq me’yoriy sxemaning to‘liq tiklanishi uchun hozircha bu yetarli emas.
17-fevral kuni Buxoro viloyatida kuchli shamol va muz aralash yoqqan qor tufayli sodir bo‘lgan avariyadan so‘ng magistral gaz quvurlarida gaz bosimi keskin tushib ketganining oqibatlarini bartaraf etish, respublika iste’molchilari hamda issiqlik elektr stansiyalarini tabiiy gaz bilan bir maromda ta’minlashda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldini olish, aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini birinchi navbatda tabiiy gaz bilan ta’minlash hamda quvurlardagi bosimni bir me’yorda tutib turish maqsadida barcha hududlardagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarining ish faoliyati mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilmoqda.
Kecha mamlakatimizdagi 550 ta ana shunday shoxobcha orqali aholiga va ijtimoiy sohalar obyektlariga tegishli avtomobillar, shuningdek, jamoat transportlarining barcha turlariga 3 million 707 ming kubometr tabiiy gaz sotildi. Shuningdek, avtomobillarga gaz quyish stansiyalari orqali jami 700 ming suyultirilgan gaz yetkazildi.
Aholi va iqtisodiyot tarmoqlari avtobenzin hamda dizel yonilg‘isi bilan mavjud ehtiyojni to‘liq qoplaydigan darajada ta’minlanmoqda. Xususan, 29-fevral kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yurtimizdagi barcha avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga 4 ming 313 tonna avtobenzin yetkazib berildi.
Shuningdek, birja savdolariga avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida sotish uchun 11 ming 965 tonna avtobenzin, 1 ming 569 tonna dizel yonilg‘isi qo‘yilgan bo‘lib, undan 7 ming 184 tonna avtobenzin, 967 tonna dizel yonilg‘isi sotildi.
Vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda tuzilgan shtablar 24 soatlik navbatchilik rejimi asosida ishlayapti.
Respublika hududlari bo‘ylab qishning sovuq kunlarida iste’molning ko‘payishi tufayli elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelayotgan nosozliklar ham tezkor bartaraf etib borilmoqda.
Kecha mamlakatimiz bo‘ylab elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 6 ta, gaz ta’minotida yuzaga kelgan 3 ta nosozlik bartaraf qilindi.
Jumladan, kecha soat 16 dan 55 daqiqa o‘tganida Surxondaryo viloyatidagi “Gulcha” podstansiyasida nosozlik yuzaga kelgan. Buning oqibatida Oltinsoy, Uzun tumanlari va Denov shahridagi 10 ming 200 ta abonent elektr ta’minotidan uzilgan. Soat 23 dan 10 daqiqa o‘tganida nosozlik to‘liq bartaraf etilib, iste’molchilar elektr ta’minotiga qayta ulangan.
Soat 20 dan 20 daqiqa o‘tganida Toshkent shahridagi “Hosilot” podstansiyasida nosozlik yuzaga kelgan. Natijada Yashnobod tumanida istiqomat qiluvchi 2 mingta iste’molchi elektr ta’minotidan uzilgan. Soat 23 dan 15 daqiqa o‘tganida ta’mirlash ishlari yakunlanib, iste’molchilarning elektr ta’minoti to‘liq tiklandi.
Qayd etish joizki, qish kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf qilish maqsadida elektr va gaz ta’minoti korxonalarida tuzilgan maxsus brigadalarning 7 ming 300 nafardan ortiq ishchi-xodimlari tunu kun ishlab, joylarda muammolarni zudlik bilan bartaraf etmoqdalar.
29-fevral kuni elektr ta’minotidagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga iste’molchilardan 628 ta murojaat kelib tushdi va barchasi maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.
Tabiiy hamda suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha kelib tushgan 235 ta murojaat bo‘yicha ham tegishli tartibda tezkor chora-tadbirlar ko‘rildi.
Hurmatli iste’molchilar! Agar Siz elektr energiyasi va gaz ta’minoti bo‘yicha qandaydir muammoga duch kelsangiz, elektr energiyasi ta’minoti yuzasidan 1154 qisqa raqamiga, shuningdek, 71-207-23-76 telefon raqami yoki “Telegram”dagi @het_admin administratorga, gaz ta’minoti yuzasidan 1104, 104 qisqa raqamlariga, shuningdek, 71-202-11-04 telefon raqami yoki “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi maxsus guruhga hamda ko‘mir ta’minoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.
E’tiboringiz uchun rahmat.