O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar va yoshlar, ularning soha rivojidagi o‘rni nihoyatda katta ekanligini hisobga olgan holda Energetika vazirligida O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi bilan hamkorlikda “2024-yil – Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yilida ayollar va yoshlarning o‘rni” mavzusida o‘quv-seminar va trening tashkil etildi.
Unda Energetika vazirligi, O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi, vazirlik tizimidagi tashkilotlar hamda aksiyadorlik jamiyatlari mas’ullari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy xuquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning jamiyatda tutgan o‘rni va mavqeini yanada oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Ushbu ishlarning mantiqiy davomi sifatida bu borada, yoqilg‘i-energetika tarmog‘i korxonalaridagi ishlarni jadallashtirish muhimligi alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan “Respublika kengashining Xotin-qizlar kengashi Nizomi” yangi tahrirda tasdiqlandi. Unda sohada faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning yangicha mexanizmlari joriy etildi.
Seminar-treningda ta’kidlanganidek, bugungi kunda yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida 12 ming 324 nafar xotin-qiz faoliyat yuritmoqda. Ularning 323 nafari rahbar lavozimlarida, 2 ming 991 nafari muhandis kabi mas’ul lavozimlarda soha rivojiga katta hissa qo‘shib kelmoqda.
Seminar-treningda Yangi O‘zbekiston ayollari va yoshlari ma’naviy qiyofasiga chizgilar, lider ayollarni shakllantirishga oid ilg‘or xorijiy tajriba, ayollarda liderlikni shakllantirishda eng tarqalgan gender streotiplarini bartaraf etishning ahamiyati, jamoani shakllantirish, “Networking” va “Liderlik” treninglari tashkil etildi.
Seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob oldilar.
Energetika vazirligi Axborot xizmati