Assalomu alaykum!
Kecha, 5-mart kuni iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot beramiz.
5-mart kuni elektr stansiyalar orqali 240,3 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 2 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 42,3 mln kubometr tabiiy gaz, 20,3 ming tonna ko‘mir hamda 10,4 ming tonna mazut yoqildi.
Turkmaniston Respublikasidan 19,2 mln kVt·soat elektr energiyasi import qilindi.
Respublika iste’molchilariga 229,1 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 6 foiz ko‘p elektr energiyasi yetkazib berildi.
Qishning sovuq kunlarida magistral gaz quvurlarida gaz bosimining keskin tushib ketganligi hamda aholi iste’molchilarida elektr energiyasiga nisbatan talabning oshib borishi tufayli 5-mart kuni mamlakatimiz bo‘ylab asosan kunning tig‘iz vaqtlarida 850 MVtgacha cheklovlar kiritilishiga majbur bo‘lindi.
Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, bugun ham kunning tig‘iz paytlarida ma’lum miqdorda cheklovlar kiritilishi kutilmoqda.
Gaz bosimining past ekaniga qaramay, 5-mart kuni uning iste’moli avvalgi kunlarga nisbatan yuqoriligicha qoldi. Kecha mazkur miqdor 149,4 mln kubometrni, rejadagiga nisbatan 12 foiz ko‘pni tashkil qildi.
Aholi va ijtimoiy soha obyektlarini birinchi navbatda tabiiy gaz bilan ta’minlash hamda quvurlardagi bosimni bir me’yorda tutib turish maqsadida avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari ish faoliyati mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan.
Kecha mamlakatimizdagi 848 ta ana shunday shoxobcha orqali aholiga va ijtimoiy sohalar obyektlariga tegishli avtomobillar, shuningdek, jamoat transportlarining barcha turlariga 9 million 13 ming kubometr tabiiy gaz sotildi. Shuningdek, avtomobillarga gaz quyish stansiyalari orqali jami 940 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazildi.
Aholi va iqtisodiyot tarmoqlari avtobenzin hamda dizel yonilg‘isi bilan mavjud ehtiyojni to‘liq qoplaydigan darajada ta’minlanmoqda. Xususan, 5-mart kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yurtimizdagi barcha avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga 6 ming 214 tonna avtobenzin yetkazib berildi.
Shuningdek, birja savdolariga avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida sotish uchun 13 ming 310 tonna avtobenzin, 1 ming 296 tonna dizel yonilg‘isi qo‘yilgan bo‘lib, undan 8 ming 70 tonna avtobenzin hamda 817 tonna dizel yonilg‘isi sotildi.
Vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda tuzilgan shtablar 24 soatlik navbatchilik rejimi asosida ishlayapti.
Respublika hududlari bo‘ylab qishning sovuq kunlarida iste’molning ko‘payishi tufayli elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelayotgan nosozliklar ham tezkor bartaraf etib borilmoqda.
Kecha mamlakatimiz bo‘ylab elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 5 ta, gaz ta’minotida yuzaga kelgan 1 ta nosozlik bartaraf qilindi.
Qayd etish joizki, qish kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf qilish maqsadida elektr va gaz ta’minoti korxonalarida tuzilgan maxsus brigadalarning 7 ming 300 nafardan ortiq ishchi-xodimlari tunu kun ishlab, joylarda muammolarni zudlik bilan bartaraf etmoqdalar.
5-mart kuni elektr ta’minotidagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga iste’molchilardan 496 ta murojaat kelib tushdi va barchasi maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.
Tabiiy hamda suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha kelib tushgan 229 ta murojaat bo‘yicha ham tegishli tartibda tezkor chora-tadbirlar ko‘rildi.
Shu o‘rinda iste’molchilardan yana bir marta isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilayotgan tavsiyalarga qat’iy rioya etishlarini iltimos qilib qolamiz.
Energoresurslardan ham tejamkorlik bilan foydalanish, ishlatilmayotgan elektr uskunalarini tarmoqdan uzib qo‘yish, behuda yonayotgan chiroqlar, reklama yoritkichlari hamda boshqa manbalarni o‘chirib yurish orqali elektr tarmoqlariga tushadigan kuchlanishni kamaytirishimiz mumkinligini yana bir bor eslatib o‘tamiz.
Hurmatli iste’molchilar! Agar Siz elektr energiyasi va gaz ta’minoti bo‘yicha qandaydir muammoga duch kelsangiz, elektr energiyasi ta’minoti yuzasidan 1154 qisqa raqamiga, shuningdek, 71-207-23-76 telefon raqami yoki “Telegram”dagi @het_admin administratorga, gaz ta’minoti yuzasidan 1104, 104 qisqa raqamlariga, shuningdek, 71-202-11-04 telefon raqami yoki “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi maxsus guruhga hamda ko‘mir ta’minoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.
E’tiboringiz uchun rahmat.