Assalomu alaykum!
Kecha, 12-mart kuni iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot beramiz.
12-mart kuni elektr stansiyalar orqali 234,5 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 2 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 50,8 mln kubometr tabiiy gaz, 19,2 ming tonna ko‘mir hamda 1,6 ming tonna mazut yoqildi.
Turkmaniston Respublikasidan 16,2 mln kVt·soat elektr energiyasi import qilindi.
Respublika iste’molchilariga 218,9 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 6 foiz ko‘p elektr energiyasi, 148,8 mln kubometr, rejadagiga nisbatan 11 foiz ko‘p tabiiy gaz yetkazib berildi.
11 – 12-mart kunlari mamlakatimiz bo‘ylab yuz bergan kuchli yomg‘ir va qattiq shamol tufayli tarmoqlarda sodir bo‘lgan avariyalar oqibatida, shuningdek, kutilmagan avariyalarning oldini olish maqsadida kecha elektr energiyasi yetkazib berishda 150 MVtgacha cheklovlar kiritildi.
Kecha yurtimizdagi 1 ming 346 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi orqali jami 14 million 303 ming kubometr tabiiy gaz sotildi.
Shuningdek, avtomobillarga gaz quyish stansiyalari tomonidan iste’molchilarga 700 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi.
Aholi va iqtisodiyot tarmoqlari avtobenzin hamda dizel yonilg‘isi bilan mavjud ehtiyojni to‘liq qoplaydigan darajada ta’minlanmoqda. Xususan, 12-mart kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yurtimizdagi barcha avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga 3 ming 310 tonna avtobenzin yetkazib berildi.
Avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida sotish uchun birja savdolariga qo‘yilgan 7 ming 140 tonna avtobenzinning 4 ming 350 tonnasi, 1 ming 304 tonna dizel yonilg‘isining esa 985 tonnasi sotildi
Vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda.
Respublika hududlari bo‘ylab elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelayotgan nosozliklar ham tezkor bartaraf etib borilmoqda.
Kecha mamlakatimiz bo‘ylab kuchli yomg‘ir va qattiq shamol tufayli elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 12 ta, gaz ta’minotida yuzaga kelgan 3 ta nosozlik bartaraf qilindi.
Xususan, soat 10 dan 45 daqiqa o‘tganida Farg‘ona viloyatida 110 kVli “L-Arsif” elektr uzatish tarmog‘i avariyaviy o‘chgan. Oqibatda Yozyovon va Toshloq tumanlaridagi 4 ming 300 ta iste’molchi hamda kichik ishlab chiqarish sanoat korxonalari elektr ta’minotidan uzilgan. Soat 11:49 da 3 mingta iste’molchi boshqa manbadan ulangan. Soat 18 dan 43 daqiqa o‘tganida ta’minot to‘liq tiklangan.
Soat 18 dan 5 daqiqa o‘tganida Farg‘ona viloyatidagi 110 kVli “L-Charxiy-1” elektr uzatish tarmog‘ida nosozlik kuzatilgan. Oqibatda Qo‘qon shahridagi 4 ming 200 ta iste’molchi va kichik ishlab chiqarish sanoat korxonalari elektr ta’minotidan uzilgan. Soat 22 dan 7 daqiqa o‘tganida iste’molchilarning elektr ta’minoti to‘liq tiklandi.
Soat 20 dan 20 daqiqa o‘tganida Toshkent shahrida 110/35/10 kVli “Teplichnaya” podstansiyasi 15 MVt quvvat bilan kuchlanishsiz qolgan. Oqibatda Mirobod va Sergeli tumanlaridagi 3 ming 700 ta iste’molchi elektr ta’minotidan uzilgan. Soat tungi 12 dan 22 daqiqa o‘tganida iste’molchilarning elektr ta’minoti qayta tiklandi.
Bugun soat 8 dan 5 daqiqa o‘tganida Farg‘ona viloyatida kuchli yomg‘ir va shamol tufayli 6-10 kVli 11 ta elektr uzatish tarmog‘ida nosozlik yuzaga kelgan. Oqibatda Beshariq, Dang‘ara hamda O‘zbekiston tumanlaridagi 7 ming 500 ta iste’molchi va kichik ishlab chiqarish sanoat korxonalari elektr ta’minotidan uzilgan.
Hozirgi vaqtda noqulay ob-havo sharoitiga qaramasdan maxsus brigadalar tarafidan ushbu nosozlik barataraf qilinmoqda.
12-mart kuni elektr ta’minotidagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga iste’molchilardan 288 ta murojaat kelib tushdi va barchasi maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.
Tabiiy hamda suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha kelib tushgan 253 ta murojaat bo‘yicha ham tegishli tartibda tezkor chora-tadbirlar ko‘rildi.
Hurmatli iste’molchilar! Agar Siz elektr energiyasi va gaz ta’minoti bo‘yicha qandaydir muammoga duch kelsangiz, elektr energiyasi ta’minoti yuzasidan 1154 qisqa raqamiga, shuningdek, 71-207-23-76 telefon raqami yoki “Telegram”dagi @het_admin administratorga, gaz ta’minoti yuzasidan 1104, 104 qisqa raqamlariga, shuningdek, 71-202-11-04 telefon raqami yoki “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi maxsus guruhga hamda ko‘mir ta’minoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.
E’tiboringiz uchun rahmat.