Assalomu alaykum!
Kecha, 14-mart kuni iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot beramiz.
14-mart kuni elektr stansiyalar orqali 249 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 9 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 48,2 mln kubometr tabiiy gaz, 19,4 ming tonna ko‘mir hamda 6,7 ming tonna mazut yoqildi.
Turkmaniston Respublikasidan 15,6 mln kVt·soat elektr energiyasi import qilindi.
Respublika iste’molchilariga 232,7 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 13 foiz ko‘p elektr energiyasi, 155,7 mln kubometr, rejadagiga nisbatan 16 foiz ko‘p tabiiy gaz yetkazib berildi.
14-mart kuni mamlakatimiz bo‘ylab yoqqan namchil qor va qattiq shamol tufayli tarmoqlarda sodir bo‘lgan avariyalar oqibatida, qolaversa, kutilmagan boshqa avariyalar yuz berishining oldini olish maqsadida 400 MVt elektr energiyasi yetkazib berilmadi.
Kecha mamlakatimizdagi 1 ming 344 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi orqali jami 13 million 765 ming kubometr tabiiy gaz sotildi.
Shuningdek, avtomobillarga gaz quyish stansiyalari tomonidan iste’molchilarga 1 million 10 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi.
Aholi va iqtisodiyot tarmoqlari avtobenzin hamda dizel yonilg‘isi bilan mavjud ehtiyojni to‘liq qoplaydigan darajada ta’minlanmoqda. Xususan, 14-mart kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yurtimizdagi barcha avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga 3 ming 332 tonna avtobenzin yetkazib berildi.
Avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida sotish uchun birja savdolariga qo‘yilgan 6 ming 217 tonna avtobenzinning 3 ming 537 tonnasi, 1 ming 636 tonna dizel yonilg‘isining esa 1 ming 309 tonnasi sotildi.
Vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda.
Respublika hududlari bo‘ylab elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelayotgan nosozliklar ham tezkor bartaraf etib borilmoqda.
Kecha mamlakatimiz bo‘ylab yoqqan namchil qor va qattiq shamol tufayli elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 10 ta, gaz ta’minotida yuzaga kelgan 2 ta nosozlik bartaraf qilindi.
Xususan, soat 8 dan 58 daqiqa o‘tganida Toshkent shahrida 110 kVli “L-Qodiriya” elektr uzatish tarmog‘i avariyaviy o‘chgan. Oqibatda Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 2 ming 450 ta iste’molchi elektr ta’minotidan uzilgan. 9 daqiqa ichida iste’molchilarning elektr ta’minoti zaxira ta’minoti orqali tiklangan.
Soat 10 dan 2 daqiqa o‘tganida 110 kVli “L-0-Z-1” elektr uzatish tarmog‘ida nosozlik kuzatilgan. Oqibatda Yuqori Chirchiq tumani va Chirchiq shahridagi 4 ming 750 ta iste’molchining elektr ta’minoti vaqtincha uzilgan. Soat 11 dan 7 daqiqa o‘tganida iste’molchilar zaxira ta’minoti orqali elektr energiyasi bilan ta’minlandi.
14-mart kuni elektr ta’minotidagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga iste’molchilardan 381 ta murojaat kelib tushdi va barchasi maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.
Tabiiy hamda suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha kelib tushgan 225 ta murojaat bo‘yicha ham tegishli tartibda tezkor chora-tadbirlar ko‘rildi.
Hurmatli iste’molchilar! Agar Siz elektr energiyasi va gaz ta’minoti bo‘yicha qandaydir muammoga duch kelsangiz, elektr energiyasi ta’minoti yuzasidan 1154 qisqa raqamiga, shuningdek, 71-207-23-76 telefon raqami yoki “Telegram”dagi @het_admin administratorga, gaz ta’minoti yuzasidan 1104, 104 qisqa raqamlariga, shuningdek, 71-202-11-04 telefon raqami yoki “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi maxsus guruhga hamda ko‘mir ta’minoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.
E’tiboringiz uchun rahmat.