Farg‘ona viloyati prokuraturasi, IJQK Departamenti viloyat boshqarmasi va “Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti filiali tomonidan yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq holatlarni fosh etishga qaratilgan nazorat tadbirlari davom etmoqda.
Xususan, fuqaro A.U. tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumani, Qoratepa Dasht qishlog‘i hududidagi yashash xonadonida tijorat maqsadlarida noqonuniy ohak sexi tashkil qilib, tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, 69,4 mln so‘mlik 46,2 ming metr kub gazni yashirin ravishda o‘g‘irlagani aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan 2024-yil 14-aprelda Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “d” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, A.U. protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar!
Faoliyatingiz davomida energiya resurslaridan qonuniy tartibda va oqilona foydalaning.
Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlarini fosh etishga qaratilgan kuchaytirilgan reyd tadbirlari davom etmoqda.
Shuni unutmangki, energiya resurslardan qonunga xilof ravishda foydalanish holatlari fosh etiladi va jazo muqarrarligi ta’minlanadi.