Bugun poytaxtimizda O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qozog‘iston energetika vazirlarining ikkinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston energetika vaziri J.Mirzamahmudov, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Kudratov, Qozog‘iston energetika vaziri A. Satkaliyev, Ozarbayjon energetika vaziri P.Shahbozov, Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri M. Jabborov hamda boshqa vazirlik va idoralar, xalqaro moliya institutlari vakillari qatnashgan mazkur tadbirda “O‘zbekiston - Qozog‘iston - Ozarbayjon energetika tizimlarini o‘zaro bog‘lash loyihasi (“Yashil yo‘lak”)” taqdimoti o‘tkazildi.
Anjumanda Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekiston energetika tarmoqlarini o‘zaro bog‘lash orqali mintaqada ishlab chiqarilgan yashil energiyani Yevropaga eksport qilish loyihasini dastlabki texnik-iqtisodiy asoslantirishning texnik shartlarini tasdiqlash, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini o‘rganib chiqish uchun xalqaro konsultantlarni yollash masalalarini ko‘rib chiqish, loyiha yuzasidan davlatlararo bitim loyihasini tayyorlash singari va boshqa masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuv so‘ngida tegishli hujjatlar imzolandi.