Oʻzbekistonda kimyo sanoatining yillik oʻsish surʼatlarini taʼminlash uchun qanday reja va strategiyalar ishlab chiqilmoqda? Xorijiy investorlarga sohaning jozibadorligini yanada kuchaytirish maqsadida qanaqa chora-tadbirlarni amalga oshirish kerak?
Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda shu va shu kabi boshqa savollarga batafsil javob olish imkoniyati yaratildi.
Tadbirda “Linde” (Germaniya) kompaniyasining Yevropa – Sharq mintaqasi boʻyicha prezidenti Mattias Kranz, “Indorama Kokand Fertilizers and Chemical” bosh direktori Rakhul Singh, “NexantECA” kompaniyasining MDH mintaqasi boʻyicha rahbari, bosh maslahatchi Sergey Radchenko, “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruv raisining investitsiyalar va innovatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari Akbar Kurbanov hamda “Navoiyazot” AJ boshqaruv raisi Farrux Samadov ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarishdi.
Anjumanda yigʻilganlarga kimyo sanoatining mamlakat iqtisodiyotida tutgan oʻrni, asosiy yutuqlar va koʻrsatkichlar, istiqbolli rejalar hamda investitsion loyihalarning muhim parametrlari boʻyicha maʼlumotlar berildi.