Aytish joizki, bugungi kunda yurtimizning 6 ta viloyatida umumiy quvvati 1717 MVt boʻlgan 8 ta quyosh fotoelektr stansiyasi hamda quvvati 100 MVt boʻlgan bitta shamol elektr stansiyasi “yashil” energiya ishlab chiqarmoqda.
Xususan, Navoiy viloyatida 2021-yil avgust oyida 100 MVt quvvatli quyosh va 2023-yil dekabrda 100 MVt quvvatli shamol, Samarqand viloyatida 2022-yil may oyida 100 MVt, 2023-yil dekabr oyida 220 MVt+20 MVt quvvatli quyosh, Jizzax viloyatida 2023-yil dekabr oyida 220 MVt quvvatli quyosh, Buxoroda 2023-yil dekabr oyida 200 MVt, 2024-yil 2-may kuni yana 100 MVt quvvatli quyosh, Qashqadaryoda 2023-yil dekabr oyida 200 MVt, 2024-yil 2-may kuni yana 100 MVt quvvatli quyosh va Surxondaryo viloyatida 2023-yil dekabr oyida 457 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalari foydalanishga topshirilgan.
Ushbu “yashil” elektr stansiyalar tomonidan 2024-yilning 1-yanvaridan 31-may soat 15:00 ga qadar 1 mlrd kVt·soat miqdorida elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Xususan:
➖ quyosh elektr stansiyalari tomonidan 869,3 mln kVt⋅soat, shamol elektr stansiyalari tomonidan esa 130,7 mln kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi;
➖ buning natijasida 330,1 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishildi;
➖ atmosferaga 420,2 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olindi.
Maʼlumot uchun, mazkur hajmdagi elektr energiyasi 1 millionta xonadonning 5 oylik yoki 416 ming 667 ta xonadonning bir yillik ijtimoiy normasini tashkil qiladi.
Eslatib oʻtamiz, Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi quyosh fotoelektr stansiyalari 2022-yilda 434 mln kVt⋅soat, 2023-yilda esa 576,9 mln kVt⋅soat elektr energiya ishlab chiqargan edi.