Qarorga ko‘ra, O‘zbekistonda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish choralarini muvofiqlashtirish bo‘yicha idoralararo kengashga issiqxona gazlarining xatlovi bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklandi:
- issiqxona gazlari xatlovi hisobotini tasdiqlash;
- xatlov tizimining ichki qoidalarini tasdiqlash va yangilab borish;
- issiqxona gazlari ajratmalarini kamaytirish faoliyatini muvofiqlashtirish;
- xatlov tizimi ishtirokchilarining salohiyatini oshirish choralarini ko‘rish.
2024-yil 1-dekabrgacha milliy shaffoflik tizimi onlayn platformasi (onlayn platforma) ishga tushirilishi va uning “Yashil” iqtisodiyot onlayn platformasiga integratsiya qilinishi ta’minlanadi.
2025-yil 1-yanvargacha tajriba-sinov tariqasida muayyan soha, hudud va korxonalarda issiqxona gazlari ajratmalari xatlovdan o‘tkazilishi ta’minlanadi.
Bunda onlayn platformaning faoliyati Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Yashil” iqtisodiyot loyihalari markazi tomonidan muvofiqlashtiriladi.