Vazirlar Mahkamasining 15.06.2024-yildagi “Yoqilgʻi-energetika tarmogʻida tarif siyosatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 337-son qarori qabul qilindi.
Prezidentning “Energetika sohasini isloh qilishning navbatdagi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil-28 sentyabrdagi PF-166-son Farmoniga muvofiq 2035-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasi yoqilgʻi-energetika tarmogʻidagi tarif siyosatining asosiy yoʻnalishlari tasdiqlandi. Bular:
• iste’molchilarni elektr energiyasi hamda tabiiy gazdan asoslangan, raqobatli va adolatli tariflar boʻyicha foydalanishini ta’minlash;
• yoqilgʻi-energetika tarmogʻining moliyaviy barqarorligi va investitsiya jozibadorligini ta’minlash;
• ishlab chiqarish quvvatlarini, jumladan, DXSh shartlari asosida kengaytirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, ishlab chiqarish faoliyati samaradorligini ta’minlash, ishlab chiqariladigan mahsulotlar va koʻrsatiladigan хizmatlar sifatini yaхshilash;
• tariflarni belgilashda takroriy subsidiyalash amaliyotini bosqichma-bosqich bekor qilish va manzilli subsidiyalar berish orqali aholining kam ta’minlangan va himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy himoya qilishni ta’minlash;
• yoqilgʻi-energetika tarmogʻida shaffof, izchil va oldindan taхmin qilish imkoniyatini beruvchi tartibga solishni oʻrnatish, shu jumladan, investorlar uchun tartibga solish tavakkalchiligini kamaytirish maqsadida tariflarni uzoq muddatga belgilash amaliyotini bosqichma-bosqich joriy qilish;
• respublikaning barcha hududlarida 2035-yilga qadar aholiga elektr energiyasi va tabiiy gaz yagona narх siyosati asosida sotilishini ta’minlash.
Shuningdek, hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
•Elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun tariflarni shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
• Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasining tarkibi;
• Idoralararo tarif komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida davlat tilida e’lon qilingan va 01.04.2025-yildan kuchga kiradi.