“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan nazorat tadbirida Yashnobod tumanida joylashgan ko‘p qavatli turarjoy majmuasini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi “A.B.” MCHJ elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.
Xususan, ushbu MCHJ tasarrufidagi elektr qurilmalarni elektr hisoblagichsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarmoqqa ulanganligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, majmua hududidagi avtoturargohda hujjatlarsiz elektromobillarni zaryadlash qurilmasi o‘rnatish holati ham aniqlandi.
Ushbu qoidabuzarlik holatlari bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirilib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra davlat manfaatlariga 1 mlrd 352 mln so‘m zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.