Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan “Dolzarb mavzu: mikroGESlar va ularning samaradorligi” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Yangi O‘zbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan jadal va keng ko‘lamli islohotlar qatorida energetika tarmog‘ining ajralmas bo‘g‘ini hisoblangan gidroenergetika sohasida ham izchil islohotlar bosqichma-bosqich olib borilmoqda.
Bu borada, “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan gidroenergetik salohiyati mavjud hududlarda investitsiyaviy loyihalar asosida yangi GESlarni qurish jarayonlari yuqori surʼatlarda amalga oshirilmoqda.
Taʼkidlash joizki, “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan tasdiqlangan rejaviy asosda qayta tiklanuvchi elektr energiyasini ishlab chiqarish, ushbu jarayonga istiqbolli va samarali loyihalar asosida xorijiy investitsiya mablag‘larini jalb qilish hamda samarali o‘zlashtirish, yangi gidroenergetik obyektlarni ekspluatatsiyaga topshirish borasidagi ishlar qizg‘in ravishda amalga oshirilmoqda.
Bugun, 2-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Jamiyat tomonidan “Dolzarb mavzu: mikro GESlar va ularning samaradorligi” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda Jamiyat Boshqaruvi rahbariyati, Ijro apparati boshqarma va bo‘lim boshliqlari, masʼul mutaxassislar, televideniye, radio, bosma va elektron OAV vakillari, jurnalistlar va blogerlar ishtirok etdi.
Global iqlim o‘zgarishi va qurg‘oqchilik sharoitida Markaziy Osiyo davlatlaridan oqib o‘tuvchi daryolarda suv hajmlarining pasayishi kuzatilishi katta va o‘rta GESlarni to‘liq quvvatlarda ishlashini cheklamoqda. Bu esa, o‘z navbatida, ishlab chiqarilayotgan ekologik toza elektr energiyasi hajmlariga salbiy taʼsirini o‘tkazmoqda. Elektr energiyasi hajmlarida yuzaga keladigan tafovutni qoplashda kichik suv bosimi va xarajatida ishlovchi mikro GESlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Mikro GES – juda oz miqdordagi resurslar evaziga atrof-muhitga zararli taʼsir ko‘rsatmaydigan elektr energiyasini ishlab chiqish texnologiyasidir. O‘rnatilgan quvvatidan kelib chiqib bir-nechta xonadon, kichik sex yoki mahallaning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga yetarli bo‘ladi (quvvatiga ko‘ra yanada ko‘proq elektr energiya ishlab chiqarishi mumkin).
Mikro GESning ishlash prinsipi:
Har qanday mikro GES ishlashining asosiy omili bu – gidrostatik bosim hamda suv sarfidir. Gidrostatik bosim – bu GESga keluvchi suv sathining turbina ishchi g‘ildiragi markazi sathidan balandligi bilan o‘lchanadi. Suv sarfi esa turbinaga sekundiga qancha kubometr suv uzatilishi ko‘rsatkichidir. Gidrostatik bosim suv oqimini sharshara kabi keskin pastga yo‘naltirishga imkon beradi. Bunda suv turbina valini yuqori tezlik bilan aylantirib beradi va generator valiga uzatiladi hamda buning natijasida generator tok ishlab chiqaradi.
Respublikamizda kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini, shu jumladan mikro va kichik GESlarni keng joriy etish bo‘yicha qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Prezidentimizning 2022-yil 9-sentyabrdagi “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-220-son Farmoni bilan yurtimizda xususiy investorlarga quvvati 5 MVtgacha bo‘lgan mikro va kichik gidroelektr stansiyalarni qurish loyihalari ro‘yxati va ulardan foydalanish bo‘yicha yangi mexanizm joriy etildi.
Shunga asosan, qator auksion savdolari o‘tkazilib, g‘oliblar aniqlandi hamda mikro va kichik GESlarni qurish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi.
Bu borada, respublika hududlari bo‘ylab mikro va kichik GESlarni qurish mumkin bo‘lgan salohiyatli maydonlar aniqlandi. Xususiy sektor ishtirokida amalga oshirilishi rejalashtirilgan 200 ta mikro GES loyihasining ro‘yxati shakllantirildi hamda amaliy ishlar boshlab yuborildi. Farmonga asosan, mikro va kichik GESlarni qurishda tadbikorlarni keng jalb etish borasida Jamiyat rahbarligidagi tegishli ishchi guruh tomonidan reja asosida Farg‘ona, Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida keng targ‘ibot tadbirlari amalga oshirildi.
Shuningdek, xususiy sektor vakillari tomonidan kichik va mikro GES loyihalarini amalga oshirish uchun barcha huquqiy va iqtisodiy sharoitlar yaratib berildi.
Xususan, yuqoridagi Farmon ijrosi doirasida kichik va mikro GESlarni qurish istagidagi tadbirkorlarga yerlarni 20 yil muddatga ijaraga berish, ular ishlab chiqargan elektr quvvatini davlat tomonidan kafolatli sotib olish tizimi joriy qilindi.
Tadbirkor auksiondan mikroGES loyihasini yutib olib, loyihani ishga tushirishga qadar bo‘lgan davrda amalga oshiriladigan tadbirlar belgilab berildi.
Shuningdek, tadbirkorlar belgilangan tarif bo‘yicha ishlab chiqarilgan elektr energiyasi isteʼmolidan ortgan qismini davlatga kafolatli tarzda 1 350 so‘mdan sotishi mumkin. Bu Jamiyat tasarrufidagi energiya hosil qiluvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqilgan elektr energiyasi tannarxiga nisbatan qariyb 3 (2,7) barobar qimmatga sotish imkoniyatini beradi.
Bugungi kungacha xususiy investorlar tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan 60 ga yaqin mikro va kichik GESlarni qurish loyihalari bo‘yicha tashabbuskorlar auksion savdolari orqali aniqlangan. Hozirda O‘zbekgidroenergo va tadbirkorlar ishtirokida 30 ga yaqin obyektlarda qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda va qolgan obyektlarda loyihalashtirish ishlari olib borilmoqda. “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan umumiy quvvati 12,5 MVt bo‘lgan 22 ta mikro va kichik GES loyihalari ishga tushurildi, Jumladan, joriy yilning birinchi yarim yilligida umumiy quvvati 9,5 MVt bo‘lgan 9 ta loyiha “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan ishga tushirildi, yil yakuniga qadar yana umumiy quvvati 15 MVt bo‘lgan 10 ta mikroGES loyihalarini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, mikro va kichik GES loyihalarning jozibadorligini oshirish va xususiy sektor vakillariga tushuntirib berish maqsadida Jamiyatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar uchun har xil turdagi zamonaviy va resurs tejamkor gidroagregatlardan (Frensis, Kaplan, S turbina, bitta generator – ikkita turbina) foydalanishga katta eʼtibor qaratib kelinmoqda. Mazkur agregatlarning turbina qismi tizim tashkiloti “Suvsanoatmash” AJda ishlab chiqarilmoqda.
Shuningdek, jahonda o‘xshashi (analogi) bo‘lmagan suv yuzida suzib turuvchi kinetik turbinali mikroGES loyihalarini amalga oshirish maqsadida Hindistonning “MACLEC Technical Project Laboratory Pvt Ltd” kompaniyasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Kinetik turbinali GES yangi GES turi hisoblanib, yuqori quvvatli bundan innovatsion agregatlar dunyoda birinchi bo‘lib O‘zbekistonda amalga oshirilmoqda. Mazkur agregatni ishlash prinsipini ishlab chiqqan va patentlashtirgan hamkorimiz “MACLEC” kompaniyasi mutaxassislari ishtirokida agregatlarni o‘rnatish mumkin bo‘lgan suv oqimlarini o‘rganish maqsadida respublikamizdagi bir nechta kanallarda izlanish ishlari olib borildi va birinchi navbatda “pilot loyiha”ni ishga tushirish va agregatni sinovdan o‘tkazish uchun Andijon viloyatidan oqib o‘tuvchi Shahrixonsoy kanali tanlab olinib, har birining quvvat 400 kVtdan bo‘lgan 2 ta agregatlar modellashtirildi.
“MACLEC” kompaniyasi mutaxassislari ishtirokida gidroagregatlarning mexanik qismlari “Suvsanoatmash” AJda mahalliylashtirilgan holda ishlab chiqarildi va obyektga olib borilib montaj qilindi. Elektr-texnik va avtomatika qismlari Hindiston davlatida ishlab chiqarildi va O‘zbekistonga olib kelindi. 2024-yilning iyun oyida agregatlarni o‘rnatish va ishga tushirish ishlarini bajarish hamda iyul oyida bir nechta bosqichli sinovlardan o‘tkazish rejalashtirilgan.
Mazkur loyihani ishga tushirish va sinovdan o‘tkazish, mamlakatimiz iqlimi sharoitida agregatlarni ishlash prinsiplarini tekshirish va sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng respublikaning boshqa hududlarida ham shu turdagi agregatlar ishga tushiriladi.
Bundan tashqari, Toshkent viloyatida quvvati 40 MVtgacha bo‘lgan gidroagregatlar ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lgan “UGE-JINLUN” MCHJ QK ishga tushirildi. Mazkur zavod ishga tushirilishi natijasida kichik va mikro GESlarning to‘liq yurtimizda ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi. Natijada loyihalarning qiymati maʼlum darajada qisqarishiga (xarajatlarning iqtisod qilinishiga) erishilib, xususiy sektor tomonidan amalga oshiriladigan loyihalarning jozibadorligi ortib boradi va zamonaviy energiya manbalari yaratilishiga erishiladi.
Aytish joizki, gidroenergetika sohasining rivoji mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatini oshirish barobarida, yangi qurilayotgan GESlar joylashgan hududlarning aholisi turmushi farovonligining oshishiga, xonadonlarining yanada obod va nurafshon bo‘lishiga xizmat qiladi.
Jamiyat mutaxassislari tomonidan matbuot anjumani ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar va tushuntirishlar berildi.