So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda aholi uchun 2024-yil 1-maydan joriy qilingan elektr energiyasi iste’molining 200 kVt·soat oylik bazaviy me’yori keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Ushbu holatlar bo‘yicha quyidagilar ma’lum qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-apreldagi 204-son qarori bilan joriy yil 1-maydan boshlab, maishiy iste’molchilarga elektr energiyasi uchun bir oylik iste’molning “bazaviy me’yorlari” tasdiqlangan.
Bundan asosiy maqsad iste’molchilarda elektr energiyasi iste’moli samaradorligini oshirish, Davlat tomonidan aholining xarajatini qoplashga ajratilayotgan mablag‘larni to‘g‘ri va manzilli taqsimlash hamda yoqilg‘i-energetika resurslari bilan ishonchli tarzda ta’minlash hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan amalga oshirilgan tahlillarga ko‘ra, 2024-yilda respublika aholisi tomonidan jami 21,2 mlrd kVt·soat elektr energiyasi iste’mol qilinishi rejalashtirilgan. Shundan, yil davomida o‘rtacha oylik iste’moli 200 kVt·soatgacha bo‘lgan iste’molchilar jami abonentlarning 60 foizini tashkil etadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib hamda elektr energiyasi iste’moli yil davomida keskin o‘zgarmasligini inobatga olib, yil davomida bir xil bazaviy me’yor joriy qilingan.
Birinchidan, hozirgi vaqtda 1 kVt·soat elektr energiyasining tannarxi 895 so‘mni (QQS bilan 1 002 so‘mni) tashkil etadi.
Aholiga yetkazib berilayotgan har bir kVt·soat elektr energiya uchun bazaviy me’yor doirasida 552,4 so‘m, 201 kVtdan 1000 kVt·soatgacha esa 102,1 so‘m davlat tomonidan har bir iste’molchiga qoplab berilmoqda.
1 kVt elektr energiyasi ishlab chiqarish xarajatlari 741,93 so‘mni, transportirovka xarajati 57,8 so‘mni, taqsimlash va sotish xarajatlari 202,4 so‘mni tashkil etadi.
Bunda, davlat 200 kVtgacha elektr energiyasi iste’mol qilgan aholi (iste’molchilarning 71 foizi) uchun 447,0 mlrd so‘m, 201-1 000 kVtgacha elektr energiyasi iste’mol uchun 30,2 mlrd so‘m qoplab bermoqda.
Ikkinchidan, bazaviy me’yor bu elektr energiyasining bir oyda 200 kVt·soatgacha bo‘lgan iste’mol hajmi hisoblanib, ushbu iste’mol doirasida barcha maishiy iste’molchilar har bir kVt·soat uchun “imtiyozli” narxda ya’ni 450 so‘m (QQS bilan)dan haq to‘laydilar.
Tahlillarga ko‘ra, joriy yil iyun oyida 71 foiz aholi 200 kVtgacha elektr energiyasi iste’mol qilganligi aniqlandi. Bundan ko‘rinadiki, iste’molchilarning 71 foizi belgilangan limit doirasidan chiqmagan.
Shu bois, yaqin istiqbolda iste’molchilarga qo‘llanilayotgan oylik 200 kVt·soatgacha bo‘lgan bazaviy me’yor miqdori oshirilishiga asos mavjud emas.
Uchinchidan, 22 foiz iste’molchi 201 kVt·soatdan 1000 kVtgacha iste’mol qilgan va 900 so‘mdan haq to‘lagan. Bunda elektr energiyasi iste’moli 201 kVt·soatdan 300 kVtgacha bo‘lgan iste’molchilar salmog‘i 11 foizni tashkil etgan.
Ma’lumot uchun: 300 kVt·soatgacha elektr energiyasi iste’mol qilganlar to‘liq 900 so‘mdan haq to‘lamaydi. Bunda 200 kVt·soatgacha 450 so‘mdan, qolgan 100 kVt·soatga 900 so‘mdan to‘laydi. Ya’ni, 300 kVt elektr iste’mol qilganlarga nisbatan ham narxlar keskin oshmagan (bazaviy me’yordan ortiqcha 100 kVt iste’mol uchun 45 000 so‘m (100*450) qo‘shimcha to‘lagan). Bunda ushbu 900 so‘mlik ta’rif ham elektr energiyasining tannarxidan kam.
To‘rtinchidan, qolgan 7 foiz aholi 1001 – 10 000 kVt·soat elektr energiyasi iste’mol qilib, 1 350 so‘mdan to‘lovlarni amalga oshirgan.
Bunday xonadonlar subsidiyaga muhtoj bo‘lmagan, birlamchi ehtiyojlardan tashqari qo‘shimcha qulayliklarga ega shaxslar, xususan, elektromobil(lar)i, hovlisida basseyn, fontan, ko‘plab yoritkich jihozlari yoki qimmatbaho boshqa elektron maishiy qurilmalari mavjud xonadonlar hisoblanadi.
Taqqoslash uchun: 1 000 kVt·soat elektr energiyasi iste’mol qilgan 1 ta xonadon tejamkor va energiya samarador 10 ta iste’molchi, 10 000 kVt·soat elektr energiyasi iste’mol qilgan 1 ta xonadon esa tejamkor 100 ta iste’molchi iste’moliga to‘g‘ri keluvchi iste’molni amalga oshirishi ma’lum bo‘ldi.
Beshinchidan, respublika bo‘yicha jami 1,1 mlrd kVt·soat elektr energiyasi iste’mol qilingan.
Shundan iste’molchilarning 71 foizi 200 kVtgacha elektr energiyasi iste’mol qilgan va ular jami iste’molning 40 foizini tashkil etadi.
Yana 11 foiz iste’molchi 201 – 300 kVtgacha elektr energiyasi iste’mol qilgan va ular jami iste’molning 19 foizini tashkil qiladi, 301 – 500 kVtgacha iste’molchilar jami iste’molning 20 foizini iste’mol qilgan.
Bunda 500 kVt va undan ko‘p elektr energiyani iste’mol qiluvchilar atigi 3,7 foiz bo‘lib, ular jami elektrning 21 foizini iste’mol qilmoqda.
Oltinchidan, ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-apreldagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 204-son qarori bilan isitish mavsumida (noyabr – fevral oylarida) bir qancha kompensatsiya turlari taqdim etilmoqda. Xususan:
– Ijtimoiy himoya milliy agentligi AT “Xalq banki” bilan birgalikda noyabr oyida 270 ming so‘m bir martalik moddiy yordam o‘tkazib beradi;
– elektr energiyasi uchun oyiga bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan 150 kVt·soatgacha iste’mol uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi.
Bunda kompensatsiya to‘lovlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali to‘lab beriladi.
Masalan, elektr energiyasi uchun oylik iste’moli 350 kVt·soat bo‘lgan ehtiyojmand xonadon 200 kVt·soatdan oshgan 150 kVt·soatgacha 67 ming so‘m miqdorda kompensatsiya oladi.
Endilikda Davlat budjetidan ajratiladigan subsidiyalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri faqatgina ehtiyojmand oilalar, nogiron va haqiqatda muhtojlar uchun yo‘naltiriladi.
Yettinchidan, ijtimoiy tarmoqlarda elektr hisoblagichlar aholiga ortiqcha iste’mol va pul hisoblayotganligi to‘g‘risida ma’lumotlar tarqalmoqda.
Ushbu murojaatlarning har biri Energetika vazirligi hamda tizim tashkilotlari tomonidan alohida nazoratga olinib, har bir murojaat joyiga chiqqan holda mualliflar ishtirokida o‘rganilmoqda.
O‘rganish jarayonida iste’molchilarga murojaatlari yuzasidan tushuntirishlar berilib, texnik sabablarga ko‘ra yuzaga kelgan xatoliklar aniqlanganda to‘liq bartaraf etilmoqda.
Shuni aytish kerakki, oshib boruvchi tariflar qo‘llanilishi natijasida iste’molchilarning elektr energiyasi tejamkorligi oshdi. Buning natijasida tizimga yuklamalar kamayib, aholining elektr energiyasidan uzilishlari va avariyalar soni ham kamayib bormoqda.
Ma’lumot uchun: o‘tgan yil yoz mavsumining iyun-iyul oylarida yagona energetika tizimida 210 mln kVt·soat majburiy cheklov (iyun – 35 mln kVt·soat, iyul – 175 mln kVt·soat) kiritilgan. Joriy yilning iyun oyi va iyul oyining shu kuniga qadar iste’molchilarga barqaror ravishda, cheklovlarsiz (avariyaviy holatlar va dasturlar asosidagi rejali ta’mirlash ishlaridan tashqari) elektr energiyasi yetkazib berilmoqda.
Hozirgi paytda vazirlikning tizim idoralarida va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJda avariyalarning oldini olish hamda ular yuzaga kelganda tezkor bartaraf etilishini ta’minlovchi guruhlar (brigadalar) ham faoliyat olib bormoqda.
Xalqimizni uzluksiz va sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash bosh maqsadimiz hisoblanadi.
Energetika vazirligi.