Joriy yil iyun oyi soʻngida “Shuhratjon Esanov” Youtube ijtimoiy tarmoq kanalida Fargʻona viloyati, Fargʻona tumani, “Damkoʻl” MFY, Koʻksuv koʻchasi, 70-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro Sh.Isroilovadan kelib tushgan murojaat boʻyicha xabar eʼlon qilingan.
Murojaatda fuqaro Sh.Isroilovaning “Fargʻona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJda ishga tiklash masalasi muammo boʻlayotgani, bu borada Energetika vazirligiga murojaat qilgani va vazir bilan uchrasholmayotgani bayon etilgan.
Ushbu videomurojaat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz:
Murojaatchining Energetika vaziri bilan uchrasha olmayotganining sababi, haqiqatan ham Sh.Isroilova yoki uning nomidan OAV vakili kelgan mahallarda Energetika vaziri bir gal xizmat safari bilan xorijda ekanligi, boshqasida esa xizmat safari bilan viloyatlardagi energetika obyektlarini oʻrganish bilan band boʻlganligi sababli u bilan uchrashuv tashkil qilishning imkoni boʻlmagan. Biroq ushbu masala yuzasidan har gal vazirlikning bevosita masʼul xodimlari ishtirokida uchrashuv oʻtkazilgan.
Xususan, vazirlikning tegishli masʼul xodimlari – Ijro nazorati va murojaatlar boʻlimi, Yuridik boʻlim, Kadrlar boʻlimi, Kasaba uyushmasi raisi, Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻlimi hamda Oʻzbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi mutaxassislari ishtirokida qabullar tashkil etilgan.
Maʼlum boʻlishicha, 2019-yilda Sh.Isroilova “Fargʻona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ omborxona mudiri lavozimidan ozod qilingan boʻlib, bunga mazkur omborxonadan aniqlangan 7 turdagi asosiy vositalarning talon-toroj qilinganligi sabab boʻlgan. Ushbu holatdan keyin Sh.Isroilova noqonuniy ishdan boʻshatilgani yuzasidan Energetika vazirligiga murojaat etgan.
Fuqaro Sh.Isroilovaning ishga tiklash bilan bogʻliq murojaatiga asosan, “Fargʻona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJning 2023-yil 27-yanvardagi buyrugʻi bilan Xoʻjalik boʻlimi qorovuli lavozimiga ishga qabul qilingan. Bu haqda korxonaning 2023-yil 3-fevraldagi 319-19-2-sonli xabarnomasi yuborilgan. Biroq shunga qaramay, fuqaro ishga chiqmagan.
Korxonaning koʻp marotaba Sh.Isroilovaning ishga chiqishi yuzasidan ogohlantirishlariga qaramay, muntazam ravishda ishga chiqishdan bosh tortganligi sababli, 2023-yil 4-apreldagi jamiyat Kasaba uyushma qoʻmitasining rozilik xati asosida, Mehnat kodeksining 161-moddasi 2-qismi 5-bandiga koʻra, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Shu munosabat bilan Sh.Isroilovaning ishga tiklash masalasi bilan bogʻliq murojaati yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga takroran murojaat etishlarini soʻraymiz.
Videomurojaatda aytilgan vazirlik binosi oldida turgan “inomarka” mashinalar xorijiy kompaniyalarga tegishli avtomobillar boʻlib, ular oʻsha kuni vazirlik masʼullari bilan boʻlgan uchrashuvda ishtirok etish uchun kelgan. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, Energetika vazirligida bunday rusumdagi xizmat avtomobillari mavjud emas.
Shuningdek, murojaatda vazirlik matbuot kotibi murojaatchilarga “Energetika vazirini 15 kundan beri koʻrganimiz yoʻq”, degani aytilgan. Avvalo, matbuot kotibi oʻsha kuni ular bilan uchrashmagan, bu gapni ularga aytmagan. Qolaversa, vazirlik Axborot xizmati hamda vazir oʻrtasida muloqot izchil yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, har qanday masala masofa hamda vaqt zonasiga qaramay hal qilinadi.
Va aytish joizki, energetika korxonalari doimiy ravishda ishlashi, bir soniya ham toʻxtab turishi mumkin emasligi bois, vazirlik hamda korxonalar rahbarlari, shuningdek, masʼul mutaxassislar hududlardagi obyektlarda tez-tez xizmat safarida boʻlishlariga toʻgʻri keladi. Shu maʼnoda, Energetika vaziri ish faoliyatining asosiy qismini kabinetda emas, balki energetika korxonalarida, tegishli soha obyektlarida nazorat va oʻrganish ishlari bilan oʻtkazishini ham inkor etmaymiz.
Energetika vazirligi Axborot xizmati “Aspekt 24” muxbiri Otabek Xoliqov bilan bogʻlanib, murojaat boʻyicha ochiq qolgan savollarga javob izladi. O.Xoliqov murojaat masalasi bilan borilganida, ayrim tushunmovchiliklar boʻlganini tan oldi. Maqsad adolatning qaror topishi boʻlib, buning uchun Energetika vazirining qabulida boʻlishga ehtiyoj borligini aytdi.
Energetika vazirligi kelgusida murojaatchi bilan kelishgan holda, vazir bilan uchrashuv tashkil etilishini maʼlum qiladi.
Oʻrni kelganda aytmoqchimizki, Energetika vazirligining eshigi barcha fuqarolar uchun hamisha ochiq. Qolaversa, Siz sohaga oid har qanday masala yuzasidan quyidagi telefon raqamlari orqali vazirlikka qoʻngʻiroq qilishingiz mumkin:
Umumiy masalalar boʻyicha: +998712318118
Korrupsion holatlar boʻyicha: +998712311064
Telegram-bot: @anticorenergetikauz_bot,
Elektron pochta: info@minenergy.uz, aniticor@minenergy.uz.
Maʼlumot oʻrnida: Fargʻona viloyati, Fargʻona tumani, “Damkoʻl” MFY, Koʻksuv koʻchasi, 70-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro Sh.Isroilova Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligiga kelgan vaqtlarda vazirlik masʼul xodimlari tomonidan muntazam qabul qilingan.
Xususan, soʻnggi marotaba 2023-yilning 19-aprel kuni kelganida, Energetika vaziri hukumat topshirigʻiga muvofiq xizmat safarida boʻlgani sababli vazirlik Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha masʼul xodim A.Zaynutdinov, yuriskonsultlar F.Fayziyev, F.Sharipov, kadrlar boshqarmasi bosh mutaxassisi X.Qoʻyjonov, kasaba uyushma raisi D.Isanbekov, Umumiy va murojaatlar bilan ishlash boʻlimi bosh mutaxassisi R.Rahimov hamda Oʻzbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tashkiliy ishlar boʻlimi mudiri I.Isoqov ishtirokida qabul tashkil etilgan.
Shuningdek, fuqaro Sh.Isroilova kelgan vaqtlarda vazirlik rahbariyati xizmat safarida boʻlganligi sababli, Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻlimi boshligʻi A.Zaynutdinov, huquqshunoslar F.Fayziyev, F.Sharipov hamda yuqorida nomlari keltirilgan masʼul xodimlar tomonidan bir necha bor qabullar tashkil qilingan.
Suhbatlar yakunida fuqaro tomonidan taqdim etilgan ariza va boshqa hujjatlar qonunchilikda belgilangan tartibda oʻrganib chiqilishi maʼlum qilingan.
Fuqaroga murojaati yuzasidan berilgan javob xatidan qoniqmagan taqdirda, tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etish huquqiga ega ekanligi bildirilgan.
Fuqaro 2024-yilning oʻtgan davrida vazirlikka murojaat bilan kelmagan.
Energetika vazirligi