Prezident Shavkat Mirziyoyev “Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals” aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan tanishdi.
Mamlakatimizda kimyo sanoati jadal rivojlanmoqda. So‘nggi besh yilda bu sohada mahsulot ishlab chiqarish hajmi qariyb 2 barobarga oshib, 45 trillion so‘mga yetdi. Xususan, yangi quvvatlar hisobiga mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish hajmi 17 foizga ko‘payib, yiliga 1,4 million tonnadan oshdi. Bunda samarali investitsiya loyihalari katta o‘rin tutmoqda.
Sobiq Qo‘qon superfosfat zavodi moliyaviy sog‘lomlashtirish va diversifikatsiya qilish maqsadida 2019-yilda Singapurning “Indorama Holdings BV” kompaniyasiga investitsiya majburiyatlari bilan sotilgan edi. Uning negizida “Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals” korxonasi tashkil etildi. 70 million dollar xorijiy investitsiya jalb etilib, ishlab chiqarish texnologiyalari modernizatsiya qilindi. Ispaniya, AQSH, Xitoy, Hindiston, Turkiya va Rossiya davlatlarining yetakchi kompaniyalaridan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatildi. Qo‘shimcha 150 ta ish o‘rni yaratildi.
2021-yilda modernizatsiya ishlarining birinchi bosqichi doirasida ammoniylashgan superfosfat, suvda tez eruvchan kompleks mineral o‘g‘itlar, azot-fosfor-kaliyli (NPK) mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Zavod quvvati yiliga 75 ming tonnadan 450 ming tonnaga yetkazildi.
Xomashyolar mahalliy korxonalardan olib kelinadi. Masalan, fosforit uni Qizilqumdan, sulfat kislotasi Olmaliqdan, ammoniy sulfat Chirchiqdan, ammiak "Farg‘onaazot" va "Navoiyazot"dan keltiriladi. Bu mahsulot tannarxini barqaror saqlash imkonini berayotir.
Yana bir muhim tomoni, modernizatsiya natijasida ishlab chiqarishga sarflanadigan elektr energiyasi va tabiiy gaz xarajatlarini 35-40 foizga qisqartirishga erishilgan. Bundan tashqari, atrof-muhitni ifloslantirmaslik uchun asosiy ishlab chiqarish sexlariga to‘rt bosqichli tozalash uskunalari o‘rnatilgan. Ilgari bu faqat ikki bosqichli bo‘lgan.
Korxona yiliga 30 million dollar mahsulotni eksport qilish quvvatiga ega. Bugungi kunda MDH, Yevropa, Afrika va Osiyoning 16 davlatiga mineral o‘g‘itlar eksport qilinmoqda.
Davlatimiz rahbari zavod bo‘ylab yurib, ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Korxona yirik kimyo klasteriga aylanib, nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy namuna bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Zavod xodimlari uchun zamonaviy uy-joylar qurish, kelajakda maktab va shifoxona loyihalarini ham nazarda tutish bo‘yicha fikr almashildi.
Korxona izchil rivojlanmoqda va keyingi bosqichlar bo‘yicha ham ish olib borilmoqda. Ikkinchi bosqich doirasida 50 million dollar investitsiya o‘zlashtirildi. Shveysariya, Germaniya, Hindiston, Xitoy va Italiyadan zamonaviy texnologik uskunalar keltirib o‘rnatildi. Ushbu bosqichda yiliga 24 million dollarlik kaliy sulfat, sulfat kislotasi va ammoniy-xlorid o‘g‘itlari ishlab chiqariladi. 120 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Uchinchi bosqich ishlari 2025-2028-yillarda amalga oshiriladi. Unda mono va dikalsiy fosfat, kaliy-nitrat, azot-fosfor-kaliyli kompleks mineral o‘g‘it, kalsiy xlorid, mono ammoniy fosfat, mono kaliy fosfat ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Loyiha qiymati – 100 million dollar. 235 ta ish o‘rni yaratiladi.