“O‘zenergoinspeksiya” Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor nazorat tadbirlarida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanmoqda.
Xususan, Bo‘stonliq tumanida fuqaro Sh.D. ga qarashli “Besh tut” mahallasida joylashgan turar joyning elektr hisoblagichi “elektrohisob” dasturida yo‘qligi hamda hisoblagich muhrlanmasdan tarmoqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulab, 745,7 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.
Shu kabi holat Bo‘stonliq tumanida fuqaro K.X. ga qarashli “Sharq Archa bog‘i” hududida joylashgan turar joyning elektr hisoblagichi “elektrohisob” dasturida yo‘qligi sababli o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda tarmoqqa ulanib, 171,5 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holatlar yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.