Qarshi shahrida joylashgan erkin iqtisodiy zonasi hududida «SUN-HIGHTECH» MCHJ tomonidan umumiy maydoni 2 gektarni tashkil etuvchi va qiymati 13 mln dollar boʻlgan quyosh panellarini ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Mazkur loyihaning 65 foizi mahalliy investorning oʻz mablagʻi hisobidan boʻlib, ishlab chiqarish uskunalarining umumiy qiymati 1,4 million dollarni tashkil qiladi. Loyihada zamonaviy xorijiy texnologiyalardan foydalaniladi.
Xitoyning «WUHAN OOITECH TRADING CO.LTD» korxonasi uning texnologik hamkori hisoblanadi.
Maʼlumotlarga koʻra, korxona toʻliq quvvat bilan ishlaganda, bir yil davomida 150 MVt quvvatdagi mahsulot ishlab chiqaradi. Tayyorlangan mahsulotlarning 50 foizini eksportga yoʻnaltirish moʻljallanmoqda.
Korxona joriy yil toʻrtinchi choragida ishga tushirilgach, bu yerda 150 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.