BMT sobiq Bosh kotibi, Yashil o‘sish global instituti Assambleyasi prezidenti va Kengashi raisi Pan Gi Mun “Dunyo” axborot agentligi muxbiri savollariga javob berdi.
– Janob Pan Gi Mun, 2016-yildan boshlab mamlakatimiz barcha sohalarda – siyosat va iqtisoddan tortib diniy-ma'rifiy jabhalarda tub islohotlar bilan ajralib turadigan yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo'ydi. O'zbekiston juda tez o'zgaryapti, o'z oldiga yuksak maqsadlarni qo'ygan, islohotlarning samarali natijalari esa yaqqol ko'zga tashlanmoqda. Umumiy farovonlikka erishish, kambag'allikni qisqartirish, inson huquqlari himoyasini mustahkamlashni o'z hayotining asosiy maqsadi qilib olgan inson sifatida bu jarayonlar haqida nima deya olasiz?
— Bundan bir necha yil avval – COVID-19 pandemiyasidan oldin Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari O'zbekistonga rahbar bo'lib kelgach, bir qator o'ta muhim islohotlarni boshladi, deyarli bir kecha-kunduzda amalga oshirilgan boshqaruv, iqtisodiy o'sish va aholi farovonligini yaxshilash – islohotlarning yorqin namunasiga aylandi. Bular to'g'risida ko'plab ma'lumotlar o'qiganman. Meni eng hayratga solgan narsa shuki, Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatni har tomonlama yangilash va farovonlashtirishda uslubiy yondashdi. Bu yangilanishlar tashqi dunyo bilan aloqalarning sezilarli darajada kengayishi, aholi uchun infratuzilmaning yaxshilanishi, korrupsiyaga qarshi kurashish, xalqaro moliya institutlari va xususiy kompaniyalar bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarining oshishiga xizmat qildi.
Ishonchim komilki, bunday islohotlarning boshida, ayniqsa, ko'p qiyinchiliklar bo'lgan, shu sababdan Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga minnatdorlik bildirish kerak, deb hisoblayman. Hatto G'arb mamlakatlarida ham, mening Vatanimda ham har qanday o'zgarishlarga xolisona o'ylamasdan, shaxsiy manfaat yoki boshqa sabablarga ko'ra, qat'iy qarshilik ko'rsatadiganlar topiladi. Menimcha, O'zbekiston kabi sobiq ittifoq mamlakatida ushbu jarayon yana-da murakkabroq kechadi. Islohotlarning samaralari qo'shni davlatlarga yana-da ijobiy ta'sir ko'rsatib, kelgusi yillarda butun mintaqa hayotini yana-da yaxshilashga yordam beradigan o'zgarishlar zanjirini yaratadi, deb o'ylayman.
– 2010, 2015 va 2018-yillarda mamlakatimizga amalga oshirgan tashriflaringizni O'zbekiston xalqi o'zgacha mamnuniyat va hurmat bilan eslaydi. Siz ekologik ofat zonasi bo'lgan Orolbo'yi mintaqasiga tashrif buyurgan BMTning birinchi Bosh kotibi bo'ldingiz. Ushbu tashriflar O'zbekistonning barqaror rivojlanishga erishish va global ofat – Orol dengizining qurishi oqibatlariga qarshi kurashish borasida amalga oshirayotgan sa'y-harakatlariga kuchli turtki bo'ldi...
– Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi sifatidagi faoliyatim davomida ko'plab mamlakatlarga, xususan, menda unutilmas taassurot qoldirgan Orol dengizi kabi mintaqalarga borishga harakat qildim. Bu safarlar barqaror rivojlanish nima uchun bunchalik muhimligini va nega men 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibiga erishish uchun dunyo yetakchilari bilan birgalikda ish olib borishga qat'iy qaror qilganimni eslatib turadi. Bu, shuningdek, ko'pincha bir vaqtlari korrupsiyalashgan yoki layoqatsiz hukumat tomonidan qisqa muddatli foyda evaziga amalga oshirilgan noto'g'ri siyosat va rejalashtirish oqibatlari odamlarga ulkan va uzoq muddatli salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkinligini aniq eslatib turadi. Orolbo'yiga tashrifim davomida dengizga bog'lanib qolgan ko'plab baliqchilar va dehqonlarning bugungi holatiga, ularning muammolariga guvoh bo'ldim.
Quvonarlisi, o'zbek xalqi og'ir sinovlardan omon qolgan kuchli xalqdir. Yana shuni bilamanki, O'zbekiston Koreya yarim orolidan tashqarida etnik koreyslar yoki XX asr boshlarida mamlakatingizga ko'chib borgan Koryoin soni eng ko'p bo'lgan mamlakatlardan biridir. Tarix fani ixlosmandi sifatida ularning hikoyalari meni doim hayratda qoldirgan va ular bilan qondoshlik hissini his qilmaslikning ilojisi yo'q. Umid qilamanki, O'zbekistonga yana tashrif buyurish imkoniyatiga ega bo'laman.
– O'zbekiston uchun muhim bo'lgan Orol dengizi mavzusiga batafsil to'xtalib o'tmoqchimiz. Bu global miqyosdagi falokat bo'lib, nafaqat Yevroosiyo mintaqasi, balki butun sayyoradagi hayot va iqtisodiy jarayonlarga katta ta'sir ko'rsatmoqda. O'zbekiston jahon hamjamiyatining e'tiborini ushbu keng ko'lamli ekologik ofatga qaratishga muvaffaq bo'ldi. Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi va Orolbo'yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo'yicha ko'p tomonlama sheriklik Trast fondi tashkil etildi va mamlakatimiz tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyalari qabul qilindi. Orol dengizining qurigan tubida daraxtzorlar barpo etilib, tabiiy ofat oqibatlaridan aziyat chekayotgan aholiga ijtimoiy yordam ko'rsatilmoqda. Bu boradagi ishlar natijalarini qanday baholaysiz?
– Orol dengizining butunlay qurishi, haqiqatan ham, noto'g'ri olib borilgan siyosat va tabiiy resurslardan haddan tashqari hamda ko'r-ko'rona foydalanishning halokatli oqibatlari haqida eslatib turadi. Hozirgi kunda Orolbo'yi mintaqasida, ayniqsa, Qoraqalpog'istonda yashayotgan odamlar sobiq ittifoq davrida Orol dengiziga quyiladigan daryolar havzasidan o'nlab yillar davomida noto'g'ri sug'orish siyosati olib borilgani uchun katta badal to'lamoqda.
Bir paytlar unumdor dehqonchilik yerlari bo'lgan hududlarga shamol bilan birga qurigan dengiz tubidan uchib kelayotgan tuzlar keyingi avlodlar uchun og'ir zarar bo'lib qoladi. Avvalroq Orol dengizini asl holatiga qaytarish xalqaro hamjamiyatning sa'y-harakatlari diqqat markazida edi. Bugun esa buning imkoni yo'q, mintaqaning hozirgi aholisiga yetkazilayotgan zararni kamaytirish va ularning turmushini yaxshilashdan boshqa narsa qilish mumkin emas.
Birlashgan Millatlar Tashkilotidan ketganimdan so'ng bir ovozdan Yashil taraqqiyot global instituti Assambleyasi prezidenti va Kengashi raisi lavozimiga saylandim. 2018-yildan beri ushbu institut vakili bo'lish menga katta mamnuniyat bag'ishlaydi, chunki bu zamonamizning eng muhim global muammolaridan biri – iqlim inqirozini hal qilishni davom ettirishga imkon beradi.
Yashil taraqqiyot global instituti O'zbekiston hukumati bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda, tuzli shamoldan himoya qiluvchi "yashil" qoplamalarni barpo etish, quyosh energiyasidan foydalanish va issiqxonalar qurish kabi aqlli yondashuvlar orqali Qoraqalpog'istonda qishloq xo'jaligini tiklash va himoya qilish loyihasini amalga oshirayotganidan juda mamnunmiz. Loyiha Koreya Respublikasi Hukumati (KOICA) tomonidan moliyalashtiriladi. Bizning institut ekspertlari ushbu pilot loyihadan istiqbolli natijalar kuzatilganini aytishdi. Loyiha kelgusida yana-da kengaytirilishi va o'n minglab fermerlarni qamrab olishi mumkin. Afsuski, bu ham Orol fojiasidan oldingi holatni qaytara olmaydi, lekin mintaqadagi hozirgi va kelajak avlodlar turmushini yaxshilash, ularni qurigan dengiz tubidagi hayotning yangi haqiqatiga moslashtirishga xizmat qiladi. Umid qilamanki, biz ularga shu tarzda yordam bera olamiz.
– Sizning BMT Bosh kotibi lavozimida global isish va atrof-muhitning ifloslanishiga qarshi kurashish yo'lida katta qadamlar tashlaganingizni juda yaxshi eslaymiz. O'zbekiston rahbariyati ham "yashil" rivojlanishni ichki siyosatning ustuvor yo'nalishlaridan biri sifatida belgilab, bir qator milliy va global tashabbuslarni ilgari surdi. Bu borada respublika tashqi siyosatida ham xalqaro hamkorlik rivojlantirilmoqda. Xususan, O'zbekiston Yashil taraqqiyot global institutini tashkil etish to'g'risidagi bitimga qo'shildi. O'tgan yilning fevral oyida Toshkentda GGGI vakolatxonasi ochildi va Orol dengizi mintaqasida yirik loyihalarni amalga oshirish boshlandi. O'zbekiston rahbariyatining global "yashil" kun tartibini qo'llab-quvvatlash borasidagi sa'y-harakatlarini qanday baholaysiz?
– O'zbekiston 2019 yilda Yashil o'sish global institutiga a'zo davlat sifatida qo'shilganidan juda xursandman. Mamlakatingiz Markaziy Osiyoda GGGIga a'zo bo'lgan birinchi davlat bo'ldi. So'ngra Qozog'iston, Turkmaniston va Qirg'iziston O'zbekistondan o'rnak olib, Yashil taraqqiyot global institutiga qo'shildi. Respublika ushbu tuzilmaga a'zo bo'lganidan buyon O'zbekiston hukumati va Yashil o'sish global instituti o'rtasidagi hamkorlik doirasida "yashil" o'sish dasturining hayotga tatbiq etilayotgani mamnun etadi.
Yuqorida aytib o'tganimdek, biz Orol dengizidagi tabiiy ofatdan zarar ko'rgan qishloq xo'jaligini tiklash loyihasini boshladik. Endi jamoamiz hukumat va bir qator xalqaro hamkorlar bilan amalga oshirayotgan loyihalarning xilma-xilligi, shuningdek, Orol dengizi mintaqasida iqlimga moslashtirilgan qishloq xo'jaligi bo'yicha ishlarning ko'lamini kengaytirish masalalarini muhokama qilmoqda. Misol uchun, yaqinda Yashil taraqqiyot global instituti O'zbekistonda "yashil" o'sishga o'tishni moliyalashtirish maqsadida "yashil" obligatsiyalar chiqarish uchun "O'zsanoatqurilishbank" bilan anglashuv memorandumini imzoladi.
— Siz bilan eksklyuziv intervyu formatida suhbatlashish biz uchun sharafdir. Muloqotimiz so'ngida sayyoramizning har bir aholisiga, jumladan, O'zbekiston xalqiga tavsiya va murojaatlaringizni bildirishingizni istardik.
— Umuman olganda, BMT Bosh kotibi sifatida dunyo xalqlariga yo'llagan murojaatimda ta'kidlaganimdek, siyosiy partiya, ijtimoiy-iqtisodiy sinf, kasbiy, akademik, etnik, mintaqaviy mansubligidan qat'i nazar har bir kishi iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish va barqaror rivojlanish, umumiy farovonlik va tinchlik uchun imkoni boricha qo'lidan kelgan yordamini qilishi kerak, deb o'ylayman. Ishni dastlab o'z uyimizdan va oilamizdan boshlashimiz hamda o'z jamiyatlarimizda davom ettirishimiz lozim.
Dunyodagi hozirgi murakkab sharoitda fikrlarimni barcha bilan baham ko'rmoqchiman. Zotan, ayni muammolar ko'pchilikni bezovta qilgani, qilayotgani bor gap. Ochig'i, umumxavotirga sabab bo'lgan hodisalar silsilasini insoniyatni larzaga solgan, o'zidan og'ir ijtimoiy-iqtisodiy iz qoldirgan COVID-19 pandemiyasidan chiqishimiz bilan Yevropa, Yaqin Sharq, Afrika va dunyoning boshqa ko'plab mintaqalarida shiddatli mojarolar va keskinliklar boshlanib ketishi bilan izohlash mumkin. Global ta'sirga ega ayni manzaralar, albatta, barcha qatori mening ham ko'nglimni og'ritadi. Nimagaki, bugungi dunyo yaxlitlik sari intilayotgan dunyodir. Shu bois ham jahonning u burchagida mojaro teskari qutbdagi o'lkaga ham birdek ta'sir etadi. Bulardan ham xavotirlisi, sayyoramizdagi iqlim o'zgarishi, suv muammosi kabi umuminqirozlar qolib, bir-birimiz bilan kurashishga, kuchimizni ko'rsatib qo'yishga berilib ketganimiz yana-da achinarlidir.
Mening bolaligim urush va qashshoqlikda o'tgan. Shunga qaramay, men odamlar birlashib, mehnatsevar va innovatsion mamlakat qura olishlariga guvoh bo'lganman. Urush va kambag'alliklikning dahshatli oqibatlariga qaramay, Koreya Respublikasi oyoqqa turib, farovonlik darajasi, texnologik innovatsiyalar, inson taraqqiyoti indeksi va boshqa ko'plab ko'rsatkichlar bo'yicha rivojlangan mamlakatga aylandi. Umid qilamanki, boshqa davlatlar ham Koreya Respublikasi izidan boradi.
O'zimga kelsak, hech qachon umidsizlikka tushmaganman. Aksincha, hayotim davomida qattiq mehnat qilishga, boshqalarga mehribon bo'lishga va umidni so'ndirmaslikka qaror qilganman. Men Koreya urushi paytida Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qutqarilishimni va o'z navbatida, bir kun kelib BMTga Bosh kotib sifatida rahbarlik qilishimni orzu ham qilmaganman. Agar umidimni yo'qotganimda, hayotim butunlay boshqacha bo'lishi mumkin edi. Shu bois odamlardan umidsizlikka tushmasliklarini, o'zlarini va jamiyatlarini yaxshilash uchun harakat qilishlarini xohlayman.
– Mazmunli suhbat uchun minnatdorlik bildiramiz.
– Rahmat.