Xabaringiz bor, shu kunlarda Energetika vazirligi va tizim tashkilotlari mutasaddilari Davlatimiz rahbarining tashabbuslari hamda topshiriqlari asosida respublikamizdagi barcha tumanlar va shaharlar hokimlari ishtirokida hududlardagi mavjud muammolarni oʻrganish hamda ularga yechim topish maqsadida videokonferens aloqa shaklida yigʻilishlar oʻtkazmoqda.
Bugungi yigʻilishda Namangan, Surxondaryo, Toshkent va Fargʻona viloyatlari tumanlar hamda shaharlar hokimlari qatnashdi.
Unda hududlarda yoqilgʻi-energetika sohasidagi mavjud muammolar oʻrganilib, mutaxassislar ishtirokida tahlil qilindi.
Xususan, aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlariga elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berishda barqarorlikka erishish, mahallalardagi eski simyogʻochlarni yangilariga almashtirish, yangi hududlarga transformatorlar oʻrnatib, elektr havo tarmoqlarini tortish, aholini suyultirilgan gaz bilan taʼminlashdagi mavjud muammolarga barham berish, gaz ballonlarni tashish uchun moʻljallangan maxsus avtomashinalarni olib kelish, tumanlarda avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalari hamda metan zapravkalar sonini koʻpaytirish, kuz-qish mavsumida ularning uzluksiz ishlashini taʼminlash singari dolzarb masalalar koʻrib chiqildi.
Koʻtarilgan muammolar yechimi boʻyicha vazirlik va tizim tashkilotlari mutasaddilari tomonidan qator takliflar bildirildi. Koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan “yoʻl xaritasi” tuzilib, ijrosi boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi.