Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-apreldagi 204-son qarori bilan respublikada joriy yil 1-maydan boshlab, aholi uchun elektr energiyasining bir oylik iste’molining “bazaviy me’yorlari” tasdiqlanganidan xabaringiz bor.
Unga ko‘ra, aholining bir oylik elektr energiyasi iste’molining 200 kVt·soatgacha qismiga 450 so‘m, 201-1000 kVt·soat – 900 so‘m, 1001-5000 kVt·soat – 1 350 so‘m, 5001-10 000 kVt·soat 1 575 so‘m, 10 000 kVt·soatdan yuqori iste’mol uchun 1 800 so‘m narx belgilandi (Ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan ko‘p kvartirali uy-joylar va yotoqxonalarda yashaydigan maishiy iste’molchilar uchun narxlar 50 % miqdorida pasaytirilgan).
Bundan asosiy maqsad – aholi orasida elektr energiyasi iste’moli samaradorligini oshirish, elektr energiyasi xarajatlarini qoplashga ajratilayotgan budjet subsidiyalarini adolatli va manzilli taqsimlash, pirovardida aholini elektr energiyasi bilan ishonchli ta’minlash hisoblanishini yana bir bor ta’kidlab o‘tamiz.
Mazkur chora elektr energiyasiga bo‘lgan talabni bozor narxlarida qondirish, sohaga xususiy investitsiyalarni jalb qilish orqali ishlab chiqarish va taqsimlash quvvatlarini oshirish, elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilish tizimlarini takomillashtirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga xizmat qilmoqda.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasiga ko‘ra 2024-yilda respublika aholisi tomonidan 21,2 mlrd kVt·soat elektr energiyasi iste’moli rejalashtirilgan.
Yil davomida o‘rtacha oylik iste’moli 200 kVt·soatgacha bo‘lgan iste’molchilar jami abonentlarning 60%ini tashkil etishi avval ochiqlangan edi.
Ma’lumot uchun: Mazkur amaliyot nafaqat O‘zbekistonda, balki ko‘plab dunyo mamlakatlarida, xususan Armaniston[1] (bazaviy me’yor — 200 kVt·soatgacha 46,48 arman drami yoki 1520 so‘m), Ozarbayjon[2] (bazaviy me’yor 200 kVt·soatgacha 8 gapik yoki 596 so‘m), Turkiya (bazaviy me’yor 240 kVt·soatgacha, 1,47 lir yoki 552 so‘m) va shu kabi boshqa mamlakatlarda ham qo‘llanilmoqda.
Ayrim mamlakatlarda suv resurslari serobligi sababli elektr energiyasini ishlab chiqarish xarajatlari nisbatan kam. Xususan, Тожикистонда[3] ишлаб чиқариладиган электр энергиясининг 98 фоизи Gidroelektr stansiyalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Qirg‘izistonda[4] esa mazkur ko‘rsatkich 91 foizni tashkil etadi. Shu sababli mazkur mamlakatlarda tariflar ham nisbatan arzon. Turkiyada[5] elektr energiyasi ishlab chiqarish umumiy hajmida qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi 54 foizni tashkil etadi. O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yanada rivojlantirishning maqsadli parametrlari ishlab chiqilgan hamda mazkur manbaalar ulushini 2030-yilga borib elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmini 40 foizga yetkazish reja qilingan.
Elektr energiyasi “bazaviy me’yorlari” (200 kVt·soat) belgilanganidan so‘ng oxirgi paytda aholi tomonidan elektr energiyasi iste’molida quyidagi tendensiyalar aniqlandi.
Birinchidan, hisobga olish va nazorat qilish tizimlari orqali xizmat ko‘rsatiladigan abonentlar soni aprel – iyul oylarida 21,3 ming nafarga oshib, 31-iyul holatiga 7 836 ming nafarga yetdi.
Ikkinchidan, respublikada aholi tomonidan elektr energiyasi iste’moli joriy yilning iyul oyida anomal issiq ob-havo tufayli oldingi oyga nisbatan oshdi.
Respublikada iyun oyida jami elektr energiyasi iste’moli 1,1 mlrd kVt·soatni, iyulda – 1,2 mlrd kVt·soatni (o‘sish – 7%) tashkil etdi.
Uchinchidan, respublikada elektr energiyasi iste’moli «bazaviy me’yor» doirasida bo‘lgan abonentlar soni 5,5 mln nafardan 5,4 mln nafarga, ularning ulushi 71%dan 69%ga tushdi.
To‘rtinchidan, respublikada «bazaviy me’yor» iste’molchilari aholi uchun rejalashtirilgan jami elektr energiyasi hajmining 36% iste’mol qildi (iyun oyida – 40%).
Beshinchidan, 2023-yilning noyabr oyida iste’moli 10 000 kVt·soatdan ortiq iste’molchilar tomonidan iste’mol qilingan elektr energiyasi hajmi 14 mln kVt·soatni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilning iyul oyiga kelib bu ko‘rsatkich 3,96 mln kVt·soatga teng bo‘lgan. Iste’mol oyma-oy surunkali ravishda kamayib borgan. Mazkur iste’molchilar tomonidan amalga oshirilgan iste’mol 2023-yilning noyabr oyiga nisbatan 2024 yilning iyul oyida 10,0 mln kVt·soatga qisqargan.
O‘suvchi koeffitsentlar qo‘llanilishi natijasida 2024-yilning iyul oyida 2023-yilning noyabr oyiga nisbatan iste’mol:
- 0-200 kVt·soatgacha iste’mol qiluvchilarda 72,65 mln kVt·soatga ortgan, mazkur me’yor doirasida iste’mol amalga oshiruvchi iste’molchilar soni ham mutanosib ravishda 8 foizga ortgan;
- 201-1000 kVt·soatgacha iste’mol qiluvchilarda 214,4 mln kVt·soatga kamaygan, mazkur me’yor doirasida iste’mol amalga oshiruvchi iste’molchilar soni ham mutanosib ravishda – 7 foizga kamaygan;
- 1001-5000 kVt·soatgacha iste’mol qiluvchilarda 66,2 mln kVt·soatga kamaygan, mazkur me’yor doirasida iste’mol amalga oshiruvchi iste’molchilar soni ham mutanosib ravishda – 0,74 foizga kamaygan;
- 5001 — 10 000 kVt·soatgacha iste’mol qiluvchilarda 2,14 mln kVt·soatga kamaygan, mazkur me’yor doirasida iste’mol amalga oshiruvchi iste’molchilar soni ham mutanosib ravishda – 0,005 foizga kamaygan;
- 10 000 kVt·soatdan yuqori iste’mol qiluvchilarda 10,03 mln kVt·soatga kamaygan, mazkur me’yor doirasida iste’mol amalga oshiruvchi iste’molchilar soni ham mutanosib ravishda – 513 tadan 113 taga kamaygan.
Shuningdek, iste’molchilar umumiy soni 2024-yil 1-avgust holatiga 2023-yil 1-dekabr holatiga nisbatan 853,1 mingtaga oshgan.
Oltinchidan, Iste’molchilarning elektr energiyasi xarajatlarining davlat tomonidan qoplab berilishining to‘g‘riligi va manzilliligi yaxshilanmoqda.
Hozirgi vaqtda 1 kVt·soat elektr energiyasi tannarxi 1 002 so‘mni (QQS bilan) tashkil etadi. Shunga ko‘ra, aholiga yetkazib berilayotgan har bir kVt·soat elektr energiyasi uchun bazaviy me’yor doirasida 552,4 so‘m, 201-1000 kVt·soat oralig‘idagi iste’mol bo‘yicha 102,4 so‘m manfiy farq asosan 1000 kVt·soatdan ortiq iste’mol qiliuvchilar hisobidan, yetmagan qismi esa Davlat budjeti hisobidan moliyalashtirilishi mumkin. Biroq, kelib tushayotgan qo‘shimcha tushumlar salmog‘idan kelib chiqib, joriy yilning ikkinchi yarim yilligi uchun subsidiyaga zarurat kam bo‘lishi yoki batamom bo‘lmasligi prognoz qilinmoqda.
Yettinchidan, Tarif islohotlari ta’sirini kamaytirish maqsadida Energetika vazirligi tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-avgustdagi qaroriga muvofiq, Jahon banki ko‘magida amalga oshirilayotgan “Energetika islohotlari uchun innovatsion resurslarini qo‘llash” (I Craft) loyihasi doirasida, shuningdek, xalqaro moliya institutlaridan yutib olinayotgan grant mablag‘lari hisobidan 20 mingdan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga tekinga quyosh panellari o‘rnatish rejalashtirilgan.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, joriy yil avgust oyidan boshlab, elektr energiyasini hisoblash bo‘yicha yangi billing tizimi hamda “HET Billing” dasturiy kompleksi ishga tushirilishi munosabati bilan iste’molchilar bevosita elektr energiyasi hisobi, xususan, to‘lov ma’lumotlari, kunlik elektr energiyasi sarfi va boshqa ma’luotlarni real vaqtda onlayn kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Bundan tashqari, oshib boruvchi tariflar qo‘llanilishi natijasida iste’molchilarning elektr energiyasi tejamkorligi oshdi. Natijada tizimga yuklamalar, aholining elektr energiyasidan uzilishlari va avariyalar soni ham mutanosib ravishda kamaymoqda.
Ma’lumot uchun: o‘tgan yil yoz mavsumining iyun – avgust oylarida yagona energetika tizimida jami 375 mln kVt·soat majburiy cheklov (iyun oyida 35 mln, iyul oyida 175 mln va avgust oyida 165 mln kVt·soat) kiritilgan bo‘lsa, joriy yilning iyun, iyul va avgust oylarida cheklovlarsiz (elektr qurilmalarni o‘ta yuklama bilan ishlashini oldini olish maqsadida, Toshkent shahrining ayrim hududlarida qisqa muddatga o‘chirilgan, bundan tashqari, avariyaviy holatlar va dasturlar asosidagi rejali ta’mirlash ishlaridan tashqari) elektr energiyasi yetkazib berilmoqda.
Hozirgi paytda vazirlikning tizim idoralarida va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJda avariyalarning oldini olish hamda ular yuzaga kelganda tezkor bartaraf etilishini ta’minlovchi guruhlar (brigadalar) ham faoliyat olib bormoqda.
Bizning bosh maqsadimiz – xalqimizni uzluksiz va sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash hisoblanadi.
Energetika vazirligi